 Madridning «Real» klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu jamoa bilan shartnomasini uzaytirishdan bosh tortdi. Bu haqda Ispaniyaning AS nashri xabar bermoqda. Portugaliyalik futbolchining amaldagi shartnomasi 2015 yilning yoziga qadar amalda bo'ladi. AS ma'lumotlariga ko'ra, Ronaldu shartnomasini oxirigacha ishlab beradi, shundan so'ng «Real»ni erkin agent sifatida tark etishni niyat qilyapti. Nashrning yozishicha, «Real» hujumchini saqlab qolishni o'ylayapti. Klub Ronalduga 2018 yilgacha mo'ljallangan yangi shartnomani taklif qilgan va unga ko'ra futbolchi yiliga 15 million yevro maosh oladi. Biroq, AS ma'lumotlariga ko'ra, portugaliyalik futbolchi 2015 yilda «Real»dan ketishga qat'iy qaror qilgan. Bunga eng asosiy sabab sifatida Ronaldu «Real»da o'zini ruhiy jihatdan noqulay his qilayotgani ko'rsatilgan. Avvalroq matbuotda Ronaldu bir qator jamoadoshlari, shuningdek, jamoa bosh murabbiyi Joze Mourinyu bilan kelisha olmay qolgani haqida xabarlar paydo bo'lgandi. ASning yozishicha, ayni vaqtda Fransiyaning PSJ klubi Ronalduga eng asosiy da'vogar bo'lib turibdi. Futbolchi, shuningdek, «Manchester Yunayted»ga ham qaytishi mumkin – 2009 yili u aynan shu jamoadan «Real»ga o'tgan edi. «Real» bilan biragalikda Ronaldu Ispaniya chempionati, Kubogi va Superkubogida g'alaba qozongan. Madridliklar uchun turli musobaqalarda o'tkazgan jami 170 o'yinida Ronaldu 160ta gol urishga muvaffaq bo'lgan.
|