Kutilgan va kutilmagan natija: "Oltin to‘p”ning navbatdagi sohibi — Krishtianu Ronaldu. Muxlislar 2-marotaba portugaliyalik futbolchining ko‘z yoshlari guvohi bo‘lishdi.
FIFA ning yilning eng yaxshilarini taqdirlash marosimida yana bir qator nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi:
"Yilning eng yaxshi erkaklar murabbiyi” deb Yupp Xaynkes (sobiq "Bavariya”) tan olindi.
"Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi” deya tan olinib, ayollar o‘rtasidagi "Oltin to‘p” sovriniga Germaniya terma jamoasi darvozaboni Nadin Angerer ega bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, sovrin uchun braziliyalik Marta va AQShlik Abbi Vambax ham kurash olib borishgan edi.
"Yilning eng yaxshi ayollar murabbiyi” deb Germaniya ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi Silviya Nayd tan olindi
"FIFA "Feyr-pley” sovrini” Afg‘oniston Futbol Federatsiyasiga topshirildi. Sovrinni federatsiya prezidenti Keramuddin Karim qabul qilib oldi. E’tirof etish joiz, 2012-yilgi FIFA "Feyr-pley” sovrinini O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi qo‘lga kiritgan edi.
Yilning eng chiroyli goli uchun "Pushkash” sovrini, kutilganidek, shvetsiyalik hujumchi Zlatan Ibrohimovichga topshirildi. Eslatib o‘tamiz, Nemanya Matich va Neymar ham oxirgi soniyalargacha ushbu sovringa ega chiqish ilinjida edilar.
Shuningdek, marosimda 2013-yilning ramziy terma jamoasi ham e’lon qilindi. Jamoadan Manuel Noyer, Filip Lam, Serxio Ramos, Tiago Silva, Daniyel Alves, Xavi, Frank Riberi, Andres Inesta, Krishtianu Ronaldu, Zlatan Ibragimovich va Lionel Messi joy oldi.