Islom tinchlikka, poklikka, insoniylikka, mehr-muruvvatga, vatanparvarlikka, ilm olishga chaqiruvchi dindir. U insonni ikki dunyo saodatiga yetkazadi. Quyidagilar Islom dinining ruknlaridir: 1. Imon. 2. Har kuni besh mahal namoz o‘qish. 3. Ramazon oyida o‘ttiz kun ro‘za tutish. 4. Zakot berish. Zakot Islomda moliyaviy ibodatdir. Ya’ni boyligi nisobga (muayyan miqdorga) yetgan musulmonning yilda bir marta haqdorlarga zakot berishi farz. 5. Haj qilish. Bu amal moddiy jihatdan qurbi yetadigan musulmonlargagina farzdir. Quyidagilarga ishongan kishi imonlidir: 1) Allohga; 2) Allohning farishtalariga; 3) Allohning kitoblariga; 4) Allohning payg‘ambarlariga; 5) Oxirat kuniga; 6) Taqdirga, ya’ni yaxshilik ham, yomonlik ham Allohdan ekaniga; 7) O‘limdan keyin qayta tirilmoqqa.
IMON KALIMALARI
«L`a il`aha illall`oh, Muhammadur rasul`ulloh». Ma’nosi: «Allohdan boshqa iloh yo‘q, Muhammad Allohning payg‘ambaridir». «Ashhadu all`a il`aha illall`oh va ashhadu anna Muhammadan ‘abduh`u va ras`uluh». Ma’nosi: «Allohdan o‘zga sig‘iniladigan (iloh) yo‘qligiga va Muhammad alayhissalom Allohning quli va elchisi ekaniga iqrorman».
|