Kirish imtihonlariga roppa-rosa bir oy vaqt qoldi. Barcha abituriyentlar sinov testlariga faol ravishda tayyorgarlik ko‘rmoqda. Biroq, tayyorgarlik davomida vaqtni va darslarni to‘g‘ri taqsimlash yoki ruhiy toliqishni qanday yengish kabi muammolarga duch kelmagan yoshlar bo‘lmasa kerak. Abituriyentlikni boshidan o‘tkazgan va test sinovlarida 200 dan yuqori ball olib, davlat granti bo‘yicha o‘qishga kirgan sobiq talaba sifatida o‘z tavsiyalarim bilan bo‘lishmoqchiman. Ularning talaba bo‘lish istagidagi yoshlarga naf keltirishiga umid qilib qolaman. 1. Nimani o‘qish kerak?
Avvalo, 1-avgustga qadar o‘qib chiqiladigan kitob va darsliklar, yechiladigan testlar, yod olinadigan matnlar va hokazolar ro‘yxatini tuzib chiqing. Shunda qilinadigan darslar hajmi aniq bo‘ladi va endi siz ularni 1 oy vaqt uchun taqsimlab chiqishingiz mumkin.
Agar tayyorgarlik ishlarini reja bilan boshlagan bo‘lsangiz, unda natijalarni sarhisob qilish vaqti keldi. Bajarilgan va, aksincha amalga oshmay qolgan rejalarni tartibga soling va kelgusi qadamlaringizni o‘ylab oling.
foto: avtolab.in.ua
2. Qanday o‘qish kerak?
Endi ro‘yxat qilingan vazifalarni qanday bajarish usullarini ham birma-bir belgilab oling. Ularni repetitor bilan o‘rganiladigan, mustaqil o‘qiladigan, yod olinadigan, qaytarib chiqiladigan darslar kabi punktlarga ajratishingiz mumkin. 3. Muddat belgilang
Ro‘yxatingizning har bir tarkibiy qismi uchun o‘z kuchingizga qarab, ma’lum bir muddat belgilab chiqing. Masalan, ma’lum bir kitobni o‘qish uchun 10 kun ajrating. Yoki test vazifalarini tugatish uchun o‘zingizga 20 kun bering. Va shu muddatdan kelib chiqib, har kuni u uchun necha soat ajratishni ham hisoblab chiqing. Ushbu rejalaringiz qog‘ozda qolib ketmasin, kun tartibini muntazam ravishda tekshirib turing.
foto: sin.ie
4. Yolg‘iz dars qiling
Ko‘pchilik yoshlar bir o‘zi dars qilishdan zerikib, birorta o‘rtog‘i bilan uchrashib, birgalikda dars tayyorlashga harakat qiladi. Biroq, odatda bunday uchrashuv suhbatga aylanib ketishi va vaqtingiz bekor o‘tib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin. Vaqtingiz samarali o‘tishi uchun yolg‘iz dars qilishga harakat qiling. 5. Qachon o‘qish kerak?
Deyarli barcha abituriyentlar kechasi o‘qishni afzal ko‘radi. Biroq inson organizmining tabiiy biologik ritmi kechasi faollashish orqali buzilishi, natijada kun davomida kuchli charchoq hissi kelib chiqishi mumkin. Bu esa, ruhiy toliqishga sabab bo‘ladi. Shu sababli, o‘zingiz uchun qat’iy kun tartibi tuzib oling va dars qilishni kechki vaqtlarga qoldirmang.
foto: figuringitouted.blogspot.com
6. Chalg‘ituvchi narsalardan xalos bo‘ling
Telefon, internet, televizor, radio kabi sizni darsdan chalg‘itadigan narsalardan uzoqroq bo‘lishga harakat qiling. Ayniqsa, dars qilish jarayonida ulardan foydalanmang, ular eng kuchli asab qo‘zg‘atuvchi vositalardir. Yaxshisi, so‘nggi bir oy davomida ulardan foydalanishdan voz keching. Shunda vaqtingiz qanchalik tejalishi va asablar tinchlanishiga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz. 7. Sog‘lig‘ingizga e’tibor bering
Yetarlicha uxlab, vaqtida ovqatlanishni ham unutmang. Chunki, darslarni yaxshilab o‘qish uchun, avvalo, sog‘lig‘ingiz joyida bo‘lishi lozim.
Aziz o‘quvchilar, o‘z tajribangizdan kelib chiqqan holda, siz abituriyentlarga yana qanday maslahat bergan bo‘lardingiz? Fikrlaringizni kutib qolamiz.
|