Dushanba kunidan boshlab Uznetdagi bir qator taniqli saytlar o‘zlarining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifalariga ispaniyalik futbolchi Iker Kasilyasning suratini joylamoqda. Qizig‘i, rasmga ilova qilingan matnda har qanday kishini qiziqtirib qo‘yadigan savolni o‘qish mumkin: "Iker Kasilyas va O‘zbekiston: ularni nima bir-biriga bog‘lab turadi?”
iLike.uz blogining yozishicha, bunday mazmundagi postlarni Ucell va Beeline aloqa operatorlari, Korzinka.uz, BookCafe, Samsung Uzbekistan, Torg.com sahifalarida ko‘rish mumkin. Uzbekistan Illustrated’ning Facebook sahifasida esa ushbu postni o‘ziga xos talqinda ko‘rish mumkin.
Post ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini ushbu savolni muhokama qilishga chorlagan. O‘quvchilar unga javoban turli-tuman fikrlar bildirgan. Kimdir Kasilyasning "Paxtakor” klubiga kelib qo‘shilishini taxmin qilgan bo‘lsa, boshqa birov bobosi yoki buvisi o‘zbekistonlik bo‘lganini hazilomuz qayd etgan.
Yana bir hazilkash o‘quvchi esa Kasilyas Ignatiy Nesterovning xolavachchasi ekanini bashorat qilgan.
Shuningdek, uning o‘zbeklarga o‘xshashi, asli O‘zbekistonning qaysidir hududidan ekanligi, haqiqiy ismi Ikrom Qosimov (boshqa variantlar ham bor)ligi hazilomuz qayd etilgan fikrlar ko‘p uchraydi.
"Original” kommentlardan birida ushbu reklamali postning xuddi "Yaks” savdo belgisi kabi kishini qiziqtirib qo‘yuvchi mavhumlikka ega ekaniga ishora qilinib, Kasilyas suratiga "Yaks” kir yuvish kukuni rasmini ilova qilish tavsiya etilgan.