Barcha millatlarda ham kishining chiroyli tashqi ko`rinishi va jismoniy jihatdan sog`lomligiga katta ahamiyat beriladi. Ҳinduizmda tananing tug`ma nuqsoni uning oldingi hayotidagi gunohlari uchun berilgan jazo, deb tushuniladi. Xitoy rivoyatlarida aytilishicha, saltanat oyog`ida nuqsoni bor merosxo`rga topshirilgani uchun xalq boshiga ofatlar yog`ilgan. Qadimiy Rimda olov kohinlari – vestalkalar faqat tanasi benuqson bo`lgan go`zal qizlardan tanlab olinardi.
Xo`sh, hammaga bir xilda yoqadigan tashqi ko`rinish mana bunday bo`ladi, deb muayyan bir andozani ko`rsata olasizmi? Bunga qiynalishingiz aniq, biroq inson tashqi go`zalligining andozalari shunchalik turfa ekanki, eshitib hayratdan yoqa ushlashingiz turgan gap. Ayniqsa, ayol go`zalligi turli xalqlarda, turfa zamonlarda har xil tushunilgan. O`zini madaniy sanovchi ko`pchilik xalqlarda nuqson deb hisoblanuvchi biror tashqi ko`rinish Er yuzining boshqa bir burchagida ideal bo`lishi mumkin. Misol tariqasida, bugungi kunda bu tushuncha qanday tavsiflanishiga bir nazar solaylik.
Shalpang qulog`ingdan-ay!
Sahroi Kabirda istiqomat qiluvchi tuareg qabilasida onalar o`z qizlarini majburlab ko`p edirishadi. Chunki ularda qizning semizligi go`zallik timsoli va seruruqlik nishonasi hisoblanadi. Agar qiz oldinga sal egilganida qornida hosil bo`ladigan bukimlar 12tadan kam bo`lsa, uni hech kim xotinlikka olmaydi.
Papua-Yangi Gvineyada esa qizlarning ko`kragi qanchalik katta bo`lsa, uning turmush qurish ehtimoli shuncha yuqori bo`ladi.
Malayziyadagi Borneo oroli aholisida go`zallik tushunchasi yanada o`zgacha: u erda qizning quloq solinchog`i uzun bo`lsa, u go`zal hisoblanadi. Shuning uchun bu erda yosh qizlarning qulog`iga bronzadan maxsus yasalgan og`ir baldoqlar taqib qo`yishadi. Ular yoshi ulg`aygan sari tobora og`irroq baldoq taqib borishadi va shunga yarasha qulog`iyam cho`zilib boradi. Ayrim hollarda bo`yi etgan payti qizning qulog`i cho`zilib, hatto elkasigacha tushib turadi – ana sizga go`zallik! Agar bunga qo`shimcha tarzda barmog`ining uchidan to tirsagigacha jimjimador tatuirovkalar tushirilgan bo`lsa – bu endi naq pari-paykar hisoblanadi.
Tana a`zosini cho`zish bo`yicha etakchilik esa myanauna (Birma) xalqiga tegishli, ular bo`yni uzun ayollari bilan dong taratishgan. Buning uchun qizchalarning bo`yniga mis halqalar taqib qo`yishadi, ular ulg`aygan sari halqalar soni orttirib boriladi. Shunga monand tarzda qizning bo`yni ham cho`zilib boraveradi, u hatto ellik santimetrgacha etishi mumkin. Ana shunday jirafasifatlar bu erda eng go`zal ayollar sanaladi, ishonavering! Buning bittagina noqulay tomoni bor – ayollar bo`ynidagi bu taqinchoqlar olib tashlansa, boshini o`zi ko`tara olmay qoladi. Shuning uchun ham bu yurtda eriga xiyonat qilgan ayolga jazo sifatida uning bo`ynidagi halqalarni olib tashlashadi, vassalom... Olimlarning fikrlaricha, ilgarigi paytlarda, dalada ishlayotgan ayollarning bo`ynini yo`lbars hamlasidan himoyalash maqsadida metall halqalar qistirilgan bo`lishi mumkin, yoxud ayolga jazo sifatida halqa taqilgan bo`lishi ham ehtimoldan xoli emas. Ammo asrlar o`tib, bugungi kunda ayol bo`ynidagi mis halqalar bezak hisoblanib, uning badavlatligini anglatadi.
Qizlarning qulog`ini sun`iy uzaytirish Afrikada ham bor, lekin u erda shuning o`zi bilan cheklanib qolishmaydi. Keniyada yashovchi masai qabilasi qizlari quloqlarida juda ko`p sonli teshikchalar ochtirib, ularga cho`plar, turli shakllardagi taqinchoqlar va yorqin rangli munchoqlar taqib tashlashadi. Ko`rinishidan xuddi bu qiz boshining ikki tomonidan yovvoyi butalar o`sib yotgandek tuyuladi. Bu bezaklar taqir boshda qanday ko`rinishini tasavvur etib ko`ring, axir, keniyalik ayollar sochlarini butkul qirdirib yurishadi-da!
Darvoqe, Papua - Yangi Gvineya ayollari sochga boshqacharoq bezak berishadi: papuas qabilasining nozik hilqat vakilalari o`z sochlariga turli rangdagi yorqin patlardan toj yasab taqib olishadi. Bu rang-baranglik ularning yuzidagi turfa bo`yoqlar bilan shunchalik uyg`unlashib turadiki, mahalliy erkaklar uchun bu ayollar bamisoli Afrodita!
«Avtobiografik kiyim»
Alyaskadagi Nunivak orolida yashovchi eskimos ayollari o`zlarining pastki lablarini bir necha bor teshtirib olishadi, bunda narkoz yoki og`riqni sezdirmaydigan boshqa biror vosita qo`llanilmasligini tasavvur etib ko`ring-a! Keyin esa bu teshikchalarga fil suyagidan yasalgan munchoqlarni terib chiqishadi va ular xuddi soqolga o`xshash ko`rinish kasb etadi – bu ham ayolning go`zalligi andozasidir...
Yuzni bo`yash odati Uganda ayollarida ham bor, ular bu maqsadda daraxtlarning ildiz va mevalaridan, shuningdek, rangli loydan ham foydalanishadi. Bunda katta yoshli ayolning yuzidagi naqsh yoki rasmlar yosh qizlarnikidan albatta farqlanib turadi.
Amazoniya changalzorlarida yashovchi yanomami qabilasi ayollarining butun badani bo`ylab chizilgan suratlarini ularning o`ziga xos tarjimai hollari, deyish mumkin. Qizning tana pardozidagi chizmalarda uning nasl-nasabi, boshidan kechirganlari, kayfiyati va hatto orzu-istaklari ham aks etadi. Bu naqshlar o`simliklar tarkibidan olingan bo`yoqlar yordamida chiziladi va ayol uchun kiyim vazifasini ham o`taydi. To`g`ri, bir necha bor cho`milganda bu «avtobiografik kiyim» yuvilib ketadi, ammo yana chizib olish qiyin emas – bo`yoq uchun xom ashyo ko`p-da!
Sudan va Uganda chegaralari hududida yashovchi karamodjong qabilasi ayollari badaniga beriladigan bezaklar esa nisbatan ko`proq vaqtga etadi. Ularda ayol badani va yuz terisining ayrim joylariga temir ignalar yordamida o`yib naqsh solinadi, keyin esa yaralar gazak olmasligi uchun bir oy davomida naqsh solingan joylarga kul bosiladi. Natijada esa tanasi chandiqlarga to`lib ketgan qiz-juvonlar har qanday mahalliy erkakning «og`zidan suvini keltirishi» aniq...
Marokko ayollari orasida ham tatuirovkaning o`rni bo`lakcha: ular tovonlarini va qo`l panjalarini tatuirovkalar to`ri bilan bezashadi. Ҳindistondagi bayta xalqida ham tatuirovkani ayol go`zalligi belgilaridan biri deb bilishadi. Ҳozirda ko`pchilik xalqlarda urfga kirayotgan burunni teshib, unga taqinchoq taqish an`anasi ham aslida hindlarga tegishli.
janubiy Afrikadagi ndebele qabilasi ayollari esa o`z tanalarini tom ma`noda munchoqlarga burkab tashlashadi.
Qizil tishlar... Cho`zinchoq yuzlar... Do`ng peshona...
Bezak borasida o`ziga xos yondashuv Efiopiyadagi surma va muzi qabilalari ayollarida mavjud – ular pastki lablariga sopol disklar solib olishadi! Buning uchun yosh qizchalarning pastki labi ichki tomonidan o`yiladi va unga kichik disk gorizontal holatda o`rnatiladi. Jillar o`tgani sayin unga qo`yiladigan diskni kattarog`iga almashtirib borishadi, natijada qizning labi ham kattayib ketaveradi. Bo`yi etganda qizning labiga qo`yilgan disk qanchalik katta bo`lsa, uning uchun qalin sifatida beriladigan poda shunchalik ko`p bo`lishi talab etiladi. Axir, u boshqa qizlardan go`zal-da: qarang, labi qanchalik katta!
Bugungi kunda aksariyat xalqlarda tishlarning butun va sog`lom bo`lishi, oppoq bo`lib yarqirab turishi ham kishi go`zalligi belgilaridan biridir. Biroq Melaneziya ayollari uchun bu hol ayni xunuklik sifatida tushuniladi. Gap shundaki, ularda butun og`iz bo`shlig`i, jumladan, tishlar ham qip-qizil bo`lishi go`zallik andozasi sifatida tushuniladi. Bu yurt qizlari chiroyli bo`lish uchun qizil tusli betel palmasi mevalarini, zaharli yong`oqlarni chaynashadi, natijada og`iz ichi qip-qizil va shilimshiq bo`lib qoladi. Bu tushuncha erkaklarning ayolga qarashlari bilan aloqador, deyishmoqda olimlar: ayol kishining og`zida tish ko`rinmasa, u yosh boladek ko`rinadi, shuningdek, bu qiyofa ayolning itoatkorligiga («tishlab olmasligi»ga) ishora qiladi.
Angolaning ayrim hududlarida yashovchi ayollar esa erkaklarga yoqish ilinjida o`zlarining old tishlarini sindirishadi. Bu borada Kongodagi baluba qabilasi ayollari etakchilik qilishadi: ular o`z tishlarini deyarli butunlay oldirib tashlashadi. Axir, go`zallik ham qurbonlik talab etadi-ku...
Polineziyalik ayollar uchun tishlarini xuddi akulanikidek uchburchak shaklga keltirib yurish chiroy belgisidir. Dayaki qabilasi ayollari esa, aksincha, tishlarini charxlatib, yarmigacha tekis qilib olishadi. Bu bilan ular yovvoyi hayvonlarga imkon qadar o`xshamaslikka intilishadi.
Yaponiyada yashovchi ainu qabilasi ayollari bo`lsa lablari atrofidagi tatuirovkalar yordamida og`izni sun`iy tarzda katta qilib ko`rsatishga urinishadi. Bunda zangori rangdan foydalaniladi, aytishlaricha, bu qiyofa yovuz ruhlarni cho`chitarmish.
Braziliyada, Amazonkadan shimolda yashovchi tino qabilasida ham go`zallikning o`ziga xos ifodasi bor: ayolning yuzi qanchalik cho`zinchoq bo`lsa, u shu qadar chiroyli hisoblanadi. Shu sababli bu qabila ayollari o`z qizchalarining yuzini ikki tomondan taxtachalar bilan siqib bog`lab qo`yishadi. Axir, qiz ulg`ayganida yuzi dumaloq bo`lsa, u o`ta xunuk hisoblanadi-da!
Afrikadagi fulani qabilasida esa chiroyning asosiy belgisi – peshonaning keng bo`lishidir. Shuning uchun fulani go`zallari o`z qoshlari va kipriklarini ham terdirib tashlashadi – shunda uning peshonasi ham katta ko`rinadi.
Eng kamtarona bezak, aftidan, pigmeylarda bo`lsa kerak. Markaziy Afrikada yashovchi, Er yuzidagi eng pakana (o`rtacha bo`yi 1,3 m) bo`lmish bu xalq ayollari faqat katta bayramlardagina boshlariga barglardan yasalgan gulchambar taqishadi – bir ayolning go`zal ko`rinishi uchun shuning o`zi etarli.
Nima bo`lganda ham, tashqi joziba ichki go`zallikka uyg`un kelsa, bunga nima etsin!
«Byaki.net» sayti materiallari asosida
Ҳamidbek YuSUPOV tayyorladi.