Android yaratuvchisi bo‘lgan Google va eng katta smartfon ishlab chiqaruvchisi Samsung kelishib olishdi: bir-biriga aybni to‘nkab yurishdan ko‘ra, hamkorlik qilgan ma’qul. Bu xususda "Sukerberg pozvonit” sayti xabar bergan.
Samsung so‘nggi paytlarda iloji boricha Google Play do‘koni dasturlaridan uzoqroq bo‘lishga harakat qilib, unga raqobatchi sifatida o‘z Samsung Hub dasturini ham yaratgandi. Re/code xabariga ko‘ra, Google va Samsung kelishib olishdi: Janubiy Koreya kompaniyasi endi Android operatsion sistemasidagi standart dasturlar: soat, kalendar, dasturlar do‘koniga o‘xshash dasturlarni o‘z Galaxy qurilmalari uchun ishlab chiqarmaydigan bo‘ldi.
Ikki kompaniya o‘rtasidagi kelishuv Consumer Electronics Show ko‘rgazmasi arafasida boshlangandi. Google o‘shanda Samsung aslida Android operatsion tizimida mavjud bo‘lgan imkoniyat va servislarning nusxalarini yaratayotganidan norozilik bildirgan edi.