6-fevral kuni ochiladigan Berlin kinofestivalida o‘zbekistonlik kinorejissor Saodat Ismoilovaning "Chilla” nomli filmi namoyish etiladi. Bu haqda kinofestival saytidagi ma’lumotga asoslanib "Kun” nashri xabar beradi.
Film O‘zbekiston, Tojikiston, Gollandiya, Fransiya va Germaniya kinoijodkorlari mehnati mahsuli bo‘lib, tojik tilida suratga olingan. 88 daqiqa davom etadigan filmda rollarni Rushana Sodiqova, Saodat Rahimova, Farida Olimova kabi aktrisalar ijro etgan.
Toshkentda tug‘ilgan, o‘z vaqtida Toshkentda oliy ta’lim ko‘rgan Saodat Ismoilova hozirgi vaqtda Parijda yashab, ijod qiladi. Faoliyatini hujjatli va qisqa metrajli filmlar bilan boshlagan Ismoilova uchun "Chilla” ilk to‘liq metrajli badiiy film hisoblanadi.
ScreenDaily ma’lumotlariga ko‘ra, Berlin kinofestivalining aslida hech qanday rasmiy sovrin va’da qilmaydigan, asosan yosh, ilk filmi bilan ishtirok etayotgan kinoijodkorlar uchun mo‘ljallangan Forum dasturida qatnashayotgan Ismoilovaning debyut filmi Best First Feature sovrini uchun kurash olib boradi. Ushbu norasmiy yo‘nalishda g‘olib chiqqan film ijodkorlariga 50 ming yevro mukofot puli va’da qilingan.
6-fevral kuni start oladigan 64-Berlin kinofestivalini Ues Andersonning "Grand Budapesht mehmonxonasi” (The Grand Budapest Hotel) filmi ochib beradi. Kinofestival 16-fevralga qadar davom etadi.