“Jang juda ajoyib tarzda o‘tdi. Sakkiz raund davomida bir-birimizni ayamay ‘savaladik’ (kuladi). Shundan olti raundida men ko‘proq zarba berdim. Akaba haqiqatan ham kuchli bokschi ekan. Meni mag‘lubiyatga uchratgani uchun AQShga kelganini yashirib o‘tirmadi.
Jangda g‘alaba qozonish uchun borini berdi. Faoliyati davomida o‘tkazgan 36 ta jangida yaxshigina tajriba to‘plagan ekan. Dastlabki uchta raund mening foydamga hal bo‘ldi. Keyingi ikki raundni raqibim yutdi. Buni ochiq aytishim kerak. So‘nggi uchta raundda yana men g‘alaba qozondim.
Tirsagimning jarohati ozgina pand berdi. Aks holda, Osumani nokaut qilardim. Jarohatlangan tirsagim og‘rib, oxirgi ikki hafta qo‘limni hatto ishlatmagandim ham. Baxtga qarshi jangning birinchi raundidayoq yana og‘ritib oldim. Shukrki, sakkiz raund yakunlariga ko‘ra jangni o‘z foydamga hal qildim.
Fursatdan foydalanib, yaqinlashib kelayotgan eng ulug‘ va aziz bayram – istiqlolimizning 23 yillik to‘yi bilan hamyurtlarimizni muborakbod etaman. Bugungi g‘alabani aynan mustaqillik bayramiga bag‘ishlayman”, — dedi Mamajonov.
Eslatib o‘tamiz, 23-avgust kuni o‘zbekistonlik professional bokschi Bahodir Mamajonov ugandalik Osuma Akabaga qarshi ringga ko‘tarilib, unda sakkiz raundlik reyting jangida ochkolar hisobi (78:74) bo‘yicha raqibini mag‘lubiyat uchratgan edi.