Formula-1′ning sobiq avtopoygachisi Filipp Streyff jurnalistlarga o‘z hamkasbining ayni damdagi ahvoli haqida gapirib berdi. Uning so‘zlaridan iqtibos keltirgan BFMTV.com yozishicha, mashhur nemis avtopoygachisi qisman falaj bo‘lib va gapira olmay qolishi mumkin. Bu haqda "AiF” nashri xabar beradi.
"Men Miya instituti rahbari Jerar Salyan bilan gaplashdim, – deydi fransuz avtopoygachisi Filipp Streyff. – Ular gematoma yo‘qolishini aniqlash uchun Shumaxerning miyasini har kuni tekshirib turishibdi. Dushanba kuni gematoma ikki tomonlama edi, hozir esa faqat miyaning chap tomonida qolgan, bu esa yaxshi natija hisoblanadi. Ammo kasallik uzoq davom etsa, bu hol tananing o‘ng tomoni falajlanib qolishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, bunda Shumaxer ovozidan ayrilishi ehtimoliyam bor. Umid qilamanki, reabilitatsiya jarayonida uning ovozi va harakatlanish qobiliyati tiklanadi”.
Aytish kerakki, Streyffning o‘zi 1989-yili Braziliyada o‘tkazilgan mavsumoldi mashqlarida avtohalokatga uchrab, nogironlar aravachasiga mixlanib qolgan va hozirgacha qutulgan emas.
45 yoshli Mixael Shumaxer 29-dekabr kuni Alp tog‘larida boshidan shikastlandi. Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, boshida himoya shlemi borligi sportchining hayotini saqlab qolgan. Jabrlanuvchi vertolyot orqali dastlab Mutye shahridagi shifoxonaga, so‘ng Grenoblga keltirilgan. U 3-yanvar kuni o‘z tug‘ilgan kunini xushsiz ahvolda o‘tkazdi.