Kuchli qor bo‘roni natijasida AQShning janubiy hududlarida kamida 13 kishi hayotdan bevaqt ko‘z yumdi. Ularning aksariyati murakkab ob-havo sharoiti tufayli yuzaga kelayotgan yo‘l-transport hodisalari qurboni bo‘lishdi, deb yozadi USA Today.
Xususan, Alabama shtatida besh kishi, Shimoliy Karolinada esa ikki kishi avtohalokat oqibatida halok bo‘lgan. Missisipi shtatida yashash uchun mo‘ljallangan avtofurgonda to‘rt kishi, jumladan, uch oylik go‘dak elektr isitgichning nosozligi oqibatida kelib chiqqan yong‘inda nobud bo‘lishgan.
Qor ko‘p yog‘ganligi bois oltita shtatda – Jorjiya, Alabama, Missisipi, Luiziana, Shimoliy va Janubiy Karolinada favqulodda vaziyat e’lon qilingan.
28-yanvarda Atlantada 6,6 santimetrlik yog‘ingarchilik bo‘lib, yo‘llarda tartibsizliklarni yuzaga keltirgan. Shuningdek, Xartsfild-Jekson xalqaro aeroportida havo orqali xabarlashuv tizimi buzilgan. Bulardan tashqari, Atlantada, Fulton, Kobb va Duglas okruglarida ikki mingga yaqin bolalar va o‘smirlar qor bo‘ronlari bois maktablardan chiqa olmay qolishgan.
Luiziana hukumati muzlab qolgan yigirmadan ortiq katta yo‘llarni berkitishga majbur bo‘ldi. Nyu-Orlean shahridagi Lyuis Armstrong aeroportida aviareyslar soni qisqartirilgan. Janubiy Karolinada esa 28-yanvardan buyon 800 dan oshiq yo‘l-transport hodisasi yuz bergan. Bunda avtomobil yo‘llarining bir qismi murakkab yo‘l sharoiti sababli tiqilinch bo‘lib qolgan.
Siyosatchilar yo‘llarda qiyin vaziyatlar yuzaga kelishida mas’uliyatni meteorologlar bo‘yniga qo‘ymoqdalar – ularning noto‘g‘ri prognozlari sababli kommunal xizmatlar tabiiy ofatga o‘z vaqtida tayyorgarlik ko‘ra olishmagan. Sinoptiklar esa, o‘z navbatida, yaqinlashayotgan bo‘ron haqida vaqtli ogohlantirganlarini aytishmoqda. Shaharlar va shtatlar ma’muriyatlari ham chora ko‘rmaslikda bir-birlarini ayblab, mas’uliyatni birovga yuklash payidalar.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, qor bo‘roni sababli yuzaga kelgan og‘ir vaziyat hali-beri o‘nglanmaydi.