18-mart kuni Apple iPhone 5c smartfonining 8 Gb xotirali arzon versiyasi sotuvga chiqarildi. Bu haqda Germaniyaning O2 mobil operatori ma’lumotiga tayanib Mail.ru xabar berdi.
Germaniyada sotuvga qo‘yilgan 8 Gb xotirali Apple iPhone 5c smartfonning 16 Gb xotirali versiyasidan 60 yevro (83,4 dollar) arzon turadi. O2 operatori 16 Gb xotirali Apple iPhone 5c’ni 569 yevro (791 dollar)ga sotmoqda. Yangi modelning bahosi esa 509 yevro (707 dollar; Apple Store’dagi rasmiy narxi har doimgidek baland — 599 yevro (833 dollar))ni tashkil qilmoqda. Nashrning ta’kidlashicha, ushbu smartfon taqdimoti Germaniyadan boshqa mamlakatlarda ham bo‘lib o‘tadi.
Shunday yo‘l bilan Apple gadjetga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish niyatida. Apple bu kabi choralarni birinchi marta qo‘llamayapti. O‘tgan yili 32/64 Gb xotirali iPod touch pleyerining 16 Gb xotirali versiyasi ham ishlab chiqarilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Apple iPhone 5c iPhone 5 o‘rniga ishlab chiqarilayotgan smartfondir. Yangi smartfon iPhone 5 bilan bir xil funksiyalarga ega. Biroq uning batareyasi kuchliroq va ko‘proq LTE tarmoqlariga ulanish imkoniyatiga ega. iPhone 5′dagi metall korpus o‘rniga iPhone 5c havorang, yashil, pushtirang, sariq va oq rangli mustahkam polikarbonat korpusda ishlab chiqariladi.
|