Xabaringiz bor, hozirda Respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalariga hujjatlar qabul qilish jarayoni bormoqda. Ertaga hujjat topshirishning so‘nggi kuni. Lekin abituriyentlar soni allaqachon o‘tgan yilgi rekordni yangilab ulgurdi.
Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Davlat test markazining xabar berishicha, ayni paytda mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirgan abituriyentlar soni 445 486 nafarni tashkil etmoqda (19-iyul soat 22:04 dagi ma’lumot). Bu har 1 ta o’ringa deyarli 7,85 nafar abituriyent da’vogarlik qilmoqda degani. Shunisi e’tiborliki, hozirgi ma’lumotlarga ko’ra, shu darajada ko’p kishi hujjat topshirmoqdaki, har soniyada abituriyentlar soni yana bittaga ko‘paymoqda.
Eslatib o’tamiz, o’tgan yili 432 ming nafardan ko‘proq abiturient talabalik baxtiga musharraf bo‘lish uchun hujjat topshirgan edi. Bu bir o‘rin uchun o‘rtacha 7,6 kishi da’vogarlik qilgan deganidir.
O‘tgan yili qabulning so‘nggi kunida 30 mingdan ortiq abituriyent hujjat topshirgan edi. Bu yil ushbu rekord ko‘rsatkich ham yangilanishi mumkin.
Mavjud tartib-qoidaga ko‘ra, qabulning so‘nggi kunida ish vaqtining tugashi belgilanmagan. Toki oxirgi abituriyent qolgungacha, qabul komissiyasi o‘z faoliyatini davom ettiradi.
|