Sloveniyaning Maribor shahrida shaxmat bo'yicha 8 yoshdan 18 yoshgacha bo'lgan sportchilar o'rtasida o'tkazilgan jahon chempionatida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov jahon chempioni sharafli nomiga sazovor bo'ldi.
Musobaqaning eng yosh ishtirokchilari guruhida Vatanimiz sharafini himoya qilgan umidli sportchimiz 11 imkoniyatdan 10 ochko jamg'arib, (9 partiyada g'alaba qozongan va ikki matchda duranggga imzo chekdi) 8 yoshida jahon chempioni degan sharafli nomga sazovor bo'ldi.
Nodirbek qatnashgan guruhda jami 136 nafar yosh shaxmatchi g'oliblik uchun kurash olib bordi. Ular orasida qit'a chempionatlari hamda turli darajadagi nufuzli musobaqalarning g'olib va sovrindorlari ham o'rin egallagan edi. Bu esa har bir bahsni yanada murosasiz o'tishini ta'minlab berdi.
Nodirbek o'ta murosasiz kechgan bahslarda bolgariyalik Evropa chempioni, FIDE ustasi Svetana Stoyanova, Osiyo chempionati sovrindori, Eron chempioni Muhammadi Arbati Poyya, Rossiya chempioni Dmitriy Tsoy, shuningdek, Maksim Gorshkov (Ukraina), Patrik Aalto (Finlyandiya), Erik Vang (AQSh), Adita Verma (Angliya), Yuang Yang (Xitoy), Urmuntulga Batargal (Mo'g'iliston) kabi iqtidorli shaxmatchilarni engib, Uzumchi Axmet Utku (Turkiya) va Li Lik Zan (Malayziya) bilan durangga imzo chekdi.
2004 yilning 18 sentyabr kuni Toshkent shahrida Fazliddin va Marziya Ochilovalar oilasida tavallud topgan Nodirbek Abdusattorov, yoshligidan aql-idrok o'yini hisoblangan shaxmatga mexr qo'ydi. Bunda otasi, xarbiy xizmatchi Fazliddin Ochilovning hissasi katta bo'lgan.
Farzandining shaxmatga bo'lgan qobiliyatini yanada o'stirish maqsadida Fazliddin Ochilov Nodirbekni 15-son Bolalar o'smirlar sport maktabiga, tajribali murabbiy Ravshan Shukurov boshchilik qilayotgan guruhga olib boradi.
Nodirbek sport maktabiga kelgan dastlabki kunidanoq o'zining intizomi (xarbiylar oilasida voyaga etayotganligi ham bunda alohida ahamiyat kasb etadi), odobi, bilimi va xarakatchanligi bilan ustozi hamda jamoadosh do'stlari orasida alohida xurmatga ega bo'la boshladi.
O'z ustida tinimsiz mehnat qilgan Nodirbek, sekin-asta Respublika turnirlarida, ichki chempionat va kubok musobaqalarida sovrinli o'rinlarni band eta boshladi. Mamlakat miqyosida o'tkazilayotgan musobaqalarda yuqori natijalarni qo'lga kirita boshlagan Nodirbek, tez orada terma jamoa murabbiylarining ham nazariga tushadi va endilikda iqtidorli sportchimiz xalqaro musobaqalarda Vatanimiz sharafini himoya qilish imkoniyatiga ega bo'ldi.
Nodirbek Abdusattorov 2011 yilning o'zida ikki bor Osiyo chempionatlarida sovrindorlar safidan o'rin egalladi. Dastlab, maktab o'quvchilari o'rtasida o'tkazilgan Osiyo chempionatida oltin medalga sazovor bo'lgan bo'lsa, biroz o'tib, o'smirlar o'rtasida o'tkazilgan qit'a chempionatida bronza medali sohibi bo'ldi. Bundan tashqari iste'dodli sportchimiz Sankt-Peterburgda o'tkazilgan xalqaro turnirda g'oliblikka erishib, shoxsupaning eng yuqori pog'onasiga ko'tarildi.
2012 yilgi mavusm ham Nodirbek uchun g'alabalar bilan boshlandi. O'smirlar o'rtasida o'tkazilgan O'zbekiston chempionatida (10 yoshgacha bo'lgan sportchilar orasida) birinchi o'rinni egallagan Nodirbek, Sloveniyada o'tkaziladigan Jahon chempionatiga yo'l oladigan O'zbekiston delegatsiyasi tarkibidan joy oldi.
Bugungi kunda Toshkent shahar, Hamza tumanidagi 152-maktabning 2-sinfida tahsil olayotgan Nodirbek, maktabda ham a'lo baholarga o'qishi bilan birga, sinfdosh do'stlari, o'qituvchilari orasida katta hurmatga ega, deb yozadi O'zbekiston Madaniyat va sport ishlari bo'yicha vazirlikning matbuot xizmati.
|