"O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 6-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 21-yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda davlat va jamoat arboblari, fan, madaniyat va san’at namoyandalari, poytaxt jamoatchiligi, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlarning elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov kirib kelayotgan yangi – 2014-yilni mamlakatimizda "Sog‘lom bola yili” deb e’lon qilishni taklif etdi. Davlatimiz rahbarining bu taklifi yig‘ilganlar tomonidan gulduros qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatlandi.
Tantanali marosim san’at ustalari va yosh ijrochilarning bayram konserti bilan yakunlandi.
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2013-yil Obod turmush yili deb e’lon qilingan edi.
"Obod turmush yili” Davlat dasturi asosida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, aholi farovonligini yanada oshirishga qaratilgan me’yoriy-huquqiy baza takomillashtirildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda har yilni ma’lum bir sohaga bag‘ishlash an’anasi 1997-yildan buyon davom etib kelmoqda.
2013-yil — Obod turmush yili
2012-yil — Oila yili
2011-yil — Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili
2010-yil — Barkamol avlod yili
2009-yil — Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili
2008-yil — Yoshlar yili
2007-yil — Ijtimoiy himoya yili
2006-yil — Homiylar va shifokorlar yili
2005-yil — Sihat-salomatlik yili
2004-yil — Mehr-muruvvat yili
2003-yil — Obod mahalla yili
2002-yil — Qariyalarni qadrlash yili
2001-yil — Onalar va bolalar yili
2000-yil — Sog‘lom avlod yili
1999-yil — Ayollar yili
1998-yil — Oila yili
1997-yil — Inson manfaatlari yili