2013-yilda shaxsiy kompyuterlar bozorida savdo keskin tushib ketdi. Bu haqda "Kommersant” axborot agentligi ma’lumotiga asoslanib, Podrobno.uz xabar tarqatdi.
International Data Corporation (IDC) tadqiqot kompaniyasi tahliliga ko‘ra, joriy yilda dunyo bo‘ylab, umumiy hisobda, 314 million dona kompyuter sotilgan. Savdo dinamikasi 10,1 foizga tushib ketgan — bu kompyuterlar bozori tarixidagi eng yomon ko‘rsatkichdir.
IDC’ning bashoraticha, bu holat kelgusi yillarda ham saqlanib qoladi. 2017-yilga borib, bu yilgidan ham yomon ko‘rsatkich kuzatilib, 305 million kompyuter sotiladi, xolos.
IDC bosh tahlilchisi Jey Chuning so‘zlariga qaraganda, talab pasayishining asosiy sababi eski operatsion tizimni yangisiga almashtirish ehtiyojining yo‘qligidir. Bundan tashqari, turli zamonaviy qurilmalar insonlar hayotiga tobora ko‘proq kirib borar ekan, kompyuterlardan foydalanish darajasi pasayib boraveradi.