Amitabx Bachchan mashhur shoir Xarisvansha Bachchanning o`g`li bo`lib, 1942-yilning 11-oktabrida Ollohobodda tavallud topgan. U Shervud kollejida, Nainital internatida, Dehli Universitetidagi Kirori Mal kollejida tahsil olgan. 1972-yilda u Jaya ismli qizga uylandi. Amit sohibning muvaffaqiyat cho`qqisini ko`zlab boshlagan harakati aynan o`sha paytlardan boshlangan. Oradan ko`p o`tmay Bachchan teleekran qiroliga aylandi. Mashhur aktrisa Rekxa bilan yaratgan duetlari ko`p sonli tomoshabinlar qalbidan o`rin oldi. Aynan ular juftligi Bollivudning eng yaxshi juftliklari qatorida tilga olinadi. Amitabx Bachchan o`zini siyosatda ham sinab ko`rishga qaror qildi. U Hindiston Parlamentida faoliyat yuritgan chog`larda jiddiy qarshiliklarga duch keldi. Shu sababli u siyosatni tashlab ketishga majbur bo`ldi. Keyinchalik u shaxsiy ishlab chiqarish kompaniyasiga asos soldi. Sanoqsiz roller va mukofotlar Amitabxni ming yillikning Superyulduzlari darajasiga ko`tardi. U bu borada ser Lorens Olivye va Charli Chaplin bilan bir qatorida turadi.