Ayshvariya Ray Sohibjamol Ayshvariya joriy yilning 1 noyabrida 35 bahorni qarshi oldi. U Mangalorda dengiz zobiti va yozuvchi oilasida dunyoga kelgan. Me’morchilik institutida tahsil olgan. 1994 yilgi "Dunyo go‘zali" tanlovi g‘olibasi. Aktrisa 1997 yildan buyon kino va reklamalarda suratga tushadi. Kann festivaliga hayat a’zosi sifatida taklif etilgan birinchi hind aktrisasi sanaladi. Bugun biz sizlarga Aysh haqidagi eng qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etamiz. * Hind sohibjamoli, "koinot go‘zali" Ayshvariya Osiyoning eng ko‘rkam erkaklaridan biri Abhishek Bachchanning turmush o‘rtog‘i, "Bollivud imperatori" Amitabx Bachanning kelini. Abhishek Ayshvariyadan uch yoshga kichik.* Ayshvariya va Abhishek Bachanning nikoh to‘yi tantanalari ikki yosh tanishuviga sabab bo‘lgan hind kinosi poytaxti - Mumbayda bo‘lib o‘tgan. Kelinning egnidagi harir libos mashhur dizayner Neeta Lulla tomonidan yaratilgan edi. * "Koinot go‘zali" beshta tilda bemalol gaplashadi. Mumtoz raqs va kuy-qo‘shiqlarni maromiga yetkazib ijro eta oladi. * Kollejdan so‘ng arxitektura institutiga hujjat topshirgan go‘zal qiz moda agentliklari rahbarlari e’tiboriga tushadi. Ayshvariyaning baxtiga qattiqqo‘l ota-onasi uning xohishiga qarshi borishmaydi, bir muddat o‘ylab turib, uning model bo‘lish istagiga rozi bo‘lishadi.* Ayshvariya "Koinot go‘zali" tanlovi g‘olibasiga aylangan yili Bollivud kinobosslari uni takliflarga ko‘mib tashlaydilar.* "Abadiy seniki" filmida Ayshvariya ayol qalbi o‘g‘risi sifatida shuhrat qozongan aktyor Salmon Xon bilan tanishib qoladi. Ikki aktyor munosabatlari shu paytning o‘zidayoq muxbirlar e’tiborini jalb qiladi. Salmon va Ayshvariya o‘sha davrda Bollivudning eng go‘zal juftligi deya tan olingandilar. Ammo… Ayshvariyaning taqdiriga Salmon bilan oila qurish yozilmagan ekan. Salmon Xon duch kelgan go‘zalga ilakishib, Ayshvariyaga qo‘l ko‘taravergach, aktrisa u bilan o‘zaro munosabatlariga nuqta qo‘yadi. *Ayshvariyaning ota-onasi ham qizlarining Salmon bilan oila qurishiga rozi emasdilar. Ota-onasini jonidan ortiq ko‘rgan Ayshvariya esa tabiiyki, ularning xohishiga qarshi bormaydi. Aytgancha, hind aktrisasiga bu "mag‘lubiyat" juda qimmatga tushdi. U ancha vaqtgacha o‘ziga kelolmadi. Ammo… vaqt hamma narsaga davo, deganlaridek... *Oradan bir qancha vaqt o‘tmay Ayshvariyaga Gollivuddan taklif tushadi. Aktrisa bu imkoniyatni qo‘ldan boy bermaydi.*Bugungi kunda Ayshvariya Ray Bollivudning eng ko‘p haq to‘lanadigan va talab katta bo‘lgan aktrisalaridan biridir. *Ayshvariya go‘sht iste’mol qilmaydi. Ma’danli suv esa jonu dili.*Aktrisa dunyoning eng go‘zal ayollari ro‘yhatida yetakchi o‘rinni egallaydi.*Ayshvariya haykali Tyusso xonim muzeyini bezagan birinchi hind ayolidir. U "Pepsi", "L'Oreal", "Coca-Cola" kabi brendlarning "yuzi". Shuningdek, DeBeers brilliantlarini ham reklama qiladi.* Ayshvariya Ray bugunga qadar 40 dan ortiq kartinalarda suratga tushgan.* Bolivuddagi bir ijrosi uchun 250 ming dollargacha haq oladi.Shu o‘rinda bu hind ayoliga hech qanday pulga topib bo‘lmaydigan narsa - oilaviy baxt tilab qolamiz. Guli NOZ.
|