Ikkinchi Jahon urushidan beri eng qaqshatqich tabiiy ofatni boshdan kechirayotgan Yaponiyada Bosh vazir Naoto Kan xalqni birdamlikka chaqirmoqda. Talofat ko’lamini aniq aytish qiyin. Birgina Miyagi hududida 10 ming kishining yostig'i qurigani xabar qilinmoqda. Rixter shkalasida 8.9 balli zilziladan ayrim shaharlar yer bilan yakson bo’lgan. Okeandan kelgan tsunami minglab xonadonlarni, ko’prik va yo’llarni yuvib ketgan. 100 ming yapon zobitlari qidiruv-qutqaruv ishlari bilan mashg’ul.
Ayni paytda Yaponiya yadroviy inshootlari xavfsizligini ta’minlash bosh masala. Kecha Fukushima atom elektrostansiyasida kuchli portlash ro’y berib, radiatsiya tarqalgan. Hududdan 200 ming aholi evakuatsiya qilinmoqda. 19 kishi zaharlangani ma’lum. Reaktor sovutgichlari ishdan chiqqan Onagava atom zavodi atrofida ham radioaktiv moddalar aniqlangach, Xalqaro Atom Boshqarmasi bu haqda xabardor qilingan. Zaharli gaz qayerdan kelayotgani noma’lum. Mutaxassislar atom reaktorlari joylashgan boshqa inshootlarni ham suvga to’ldirib, fojia oldini olishga harakat qilayapti. Hozirgacha 70 dan ziyod mamlakat Yaponiyaga ko’mak taklif qilgan. Bugun Janubiy Koreya va Xitoydan mutaxassislar guruhi yetib keldi. Avstraliya, Fransiya, Shveytsariya, Singapur va Britaniya qidiruv-qutqaruv ishlarida ko’maklashish uchun maxsus jihozlar va ekspertlarini yo’llamoqda.
|