Kim qayerda bo'lsa ham yurtim bag'ri kengdir, Qay millatu, qay shevada bari tengdir, Deya ko'rmang: "Bir-biriga kim u, nengdir?" Hasad qilmang O'zbekiston qizlariga, Yulduz tugul oy chiqolmas tizlariga.
Avvalambor o'zingizga boqib ko'ring, Ular kabi muxlislarga yoqib ko'ring, Hayot mazmun-ma'nosini chaqib ko'ring, Hasad qilmang Toshkentimning qizlariga, Yulduz tugul oy chiqolmas tizlariga.
Gullamasmish bir umrga baxil bog'i, Qor istarmish quyosh nurin sochar chog'i, Tinch qo'yarmi ko'nglingizni qora dog'i, Hasad qilmang Fargonaning qizlariga, Yulduz tugul oy chiqolmas tizlariga.
Shoxu gado barisidan davron o'tgan, Bir quvongan yurakdan ming armon o'tgan, Itlar qancha hurmasinlar, karvon o'tgan, Hasad qilmang Xorazmning qizlariga, Yulduz tugul oy chiqolmas tizlariga.
Bilar-bilmas tuhmat qilmang hasad toshin, Har kim o'zi topib yeydi yeyar oshin, Rivoyat bor: yomon yermish o'zin boshin, Hasad qilmang Andijonning qizlariga, Yulduz tugul oy chiqolmas tizlariga.
|