YURAK VA AQL
Ikki kuch bor –
Yurak va aql
Ikki yonga tortuvchi meni,
Ular bundoq bo’lsa noahil,
Qaybirining tutay izmini?
Meni bir yon boshlasa aqlim,
Boshqa yonga yetaklar yurak.
Bilolmayman, qay biri haqli,
Qaybiriga ishonmoq kerak?
Aql mening har qadamimni
Solmoq bo’lar tarozu toshga,
Har daqiqa tergaydi meni
O’xshama deb ko’cha beboshga.
Yurak esa unga so’z bermas,
Bu dunyoda faqat o’yna der.
Bilmas,
Sira bilgisi kelmas
Qonun nadir, qoida nadir.
Yor ko’yiga chorlasa biri,
Yur deb har kecha aylasa xitob,
Biri uyga yetaklab kirib,
Qo’llarimga tutqizar kitob.
Aql aytar:
Sevding, o’sha qiz,
Ayt-chi, senga qilurmi vafo?
Yurak faqat sev der, sevgisiz-
Yashamoqdan bormi hech ma’no?!
Aql menga qilar nasihat:
“Yosh joningni o’rtama bekor”.
Yurak bo’lsa yon deydi faqat,
Hayot bizga berilar bir bor.
Aql deydi:
She’ringdan ne naf,
Mashqlaringdan lazzat olar kim?
Yo’q der menga, o’ltirma o’ylab,
She’r yoz, deydi nodon yuragim….
Aql cheksiz fazoga hokim,
Aql hokim olam yuziga.
Borliq unga bo’ysunar,
Lekin
Yurak kirmas uning so’ziga.
Shundan bir yon boshlasa aqlim,
Boshqa yonga yetaklar yurak .
Bilolmayman qaybiri haqli,
Qaybiriga ishonmoq kerak.
Aybli emas bunda irodam,
Ma’zur tuting, do’stlar, siz meni.
Aql qancha haqli bo’lsa ham,
Tutar bo’ldim yurak izmini.
U baxsh etgan otashda yondim,
O’zi bo’ldi menga rahnamo.
Unga,
Faqat, unga ishondim,
Yurak meni aldamas also!
|