Andishaning oti qo‘rqoq ataldi,
Qismatimga shum ayriliq yasaldi.
Yig‘lab qoldi qo‘llarimda orzu, baxt,
Yuragimga ishqning tig‘i qadaldi.
Bahorimda, navqiron yoshimda men ham muhabbatning hamrohi edim. Izg‘irin ayozim ham, jazirama saratonim ham bahor tarovatiga uyg‘un edi. Birgina shu tuyg‘u mening kamolim, baxtim, hayotim ma’nosi, lazzati edi. O‘zimning o‘zimga havasim kelardi. G‘uborlar qalbimni egallashga botinolmasdi, nazarimda. Hayotim durdonasi bo‘lmish M.dan o‘zgaga oshufta emasdi dilim. Muhabbatimiz yolg‘on va shubhalarga izn bermasdi. Ammo...
Sevgimizga to‘siq qo‘yishdi. Tuyg‘ularimizni toptashdi. Ayb kimda? Seni qutqarib qololmagan men soddadami yoki ota-onang ixtiyoriga qarshi chiqolmagan sen ojizadami?
Seni uzatishdi. To‘y sadolari senga yoqimli eshitildimi? Menga esa, masxaralovchi og‘ir kuydek tuyildi. Menga qilgan xiyonating senga xushnudlik ulashdimi? Men hayotimning ma’nosini yo‘qotib qo‘ydim. Ko‘zlaringdagi yosh muhabbatimiz yakun topganidan tug‘ilgan iztirobmi?
Sen menga armon bo‘lding. Men boshqa sevib qololmayman. Senga esa baxt tilayman.
|