O‘z hissiyotlari, hayajoni, xafa bo‘lgani yoki azob chekayotganini ko‘z yoshlari orqali ma’lum qilish xususiyati faqat insongagina xos. Boshqa jonzotlar odam kabi yig‘lash, o‘z dardini ko‘z yoshi orqali bildirish qobiliyatiga ega emas.
70 litr ko‘z yoshi?
2—5 yoshdagi go‘daklar tez-tez sababsiz «ko‘z yoshi» qilib turadi. Ba’zan kattalar bolalarning istagini bajarmasa, ular yig‘idan «qurol» sifatida foydalanishadi. Bunga qarama-qarshi holat — ayrim erkaklarning umuman yig‘lamasligi. Hatto yaqin insonlari vafot etganda ham ko‘zidan bir tomchi yosh oqmaydigan insonlar real hayotda kam bo‘lsa ham, uchrab turadi. Shu o‘rinda, yig‘lash hodisasining sabablari, foyda yoki zarari haqida o‘ylab ko‘rsak.
Inson ko‘zidan oqqan yoshlarning umumiy hajmi o‘rtacha 70 litrni tashkil qiladi. Bu suyuqlikning yarmi diqqinafaslik, ruhiy toliqish yoki kuchli siqilish oqibatida, uchdan biri yaqin insonlari vafot etganda, mag‘lubiyatga uchraganda yoki sevgan insoni uni rad etganda, beshdan biri esa ulkan baxt, hayotiy yutuqlar, farzand ko‘rish kabi holatlarda ajralib chiqishi ma’lum bo‘lgan.
Yosh bezlarining faoliyati tufayli vujudga keluvchi ko‘z yoshlar tarkibida kaltsiy, magniy, natriy, glyukoza kabi moddalar bor. Tarkibiga ko‘ra u qon plazmasini yodga soladi. Uning miqdor va sifatidagi o‘zgarishlar biror kasallik sababi yoki asorati tufayli bo‘lishi mumkin.
Yuqorida yig‘lashni «bilmaydigan» odamlar haqida aytib o‘tdik. Bu holat quruq ko‘zlar, aniqrog‘i, Shegren sindromi deb ataladi. Bu simptom ko‘pincha revmatoid artrit bilan og‘rigan odamlarda uchraydi. Ba’zan, uzoq vaqt kompyuterda ishlash ham ko‘zlar «quruq»ligiga sabab bo‘lishi mumkin.
Ko‘z yoshining yupqa qavati shohpardani tashqaridan berkitib turadi. Biz ko‘zimizni ochib-yumish orqali bu qavatni tez-tez yangilab turamiz. Bu jarayon qanchalik ko‘p sodir bo‘lsa, shuncha yaxshi.
Yig‘lashning foydasi
Qadimgi tabiblar va zamonaviy shifokorlarning fikri bir nuqtada tutashgan — yig‘lash foydali. Hissiyotlarni yashirmaslik, organizmda yig‘ilib qolgan manfiy quvvatni chiqarib tashlash ruhiyat uchun faqat ijobiy ta’sir qiladi.
Bog‘cha va boshlang‘ich sinflarda mashhur «yig‘loqi»larning bo‘lishi tabiiy. E’tibor bergan bo‘lsangiz, tarbiyachilar ham bunday bolalar bilan munosabatda juda ehtiyotkor va muloyim bo‘lishga harakat qiladilar. Sababsiz yig‘laydigan bolalarning aksariyati shovqin-suron va ko‘z yoshlar orqali o‘z maqsadlariga erishishni istaydi, xolos.
Qachon ko‘zlarimizdan yosh chiqa boshlaydi? Ushbu savolga quyidagicha javob berish mumkin: chaqaloq tug‘ilgan vaqtdan 4—11 hafta o‘tgach, uning ko‘zlaridan yosh ajralib chiqishi boshlanadi. Yig‘i orqali yosh organizm tashqi muhit bilan munosabatga kirisha boshlaydi. Bu — tuyg‘ularini so‘z bilan ifodalay olmaydigan go‘dak uchun kattalar e’tiborini jalb qilishning yagona usulidir. Bir vaqtning o‘zida ko‘z yoshlar shohparda shilliq qavatini ho‘llab turish
orqali, organizmni turli zararli infektsiyalar va havodagi moddalardan himoya qilish vazifasini ham bajaradi. Chaqaloqlar yig‘isi o‘pkaning rivojlanishi va nafas yo‘llarining kengayishiga yordam beradi. Biroq, har qanday holatda, farzandingiz ko‘z yoshlariga e’tiborsiz bo‘lmaslik lozim. Chunki ular sizni biror kasallik yoki ichki bezovtalik haqida ogohlantirayotgan bo‘lishi mumkin.
Nega yig‘laymiz?
Ko‘zlar xilma-xil sabablarga ko‘ra yoshlanishi mumkin. Xalq tili bilan aytganda, ko‘z yoshining ko‘z yoshidan farqi bor. Ba’zan, ko‘zga zirapcha, chang, tuproq, qum zarrachalari tushishi, kuchli hidga ega bo‘lgan moddalar(benzin, atseton, kerosin, tutun va b.) ta’sirida ko‘zdan yosh oqadi. Bilamizki, payvandchilarning 60-70 foizi ko‘z yallig‘lanishi, yoshlanishi va doim qizarib yurishidan aziyat chekadi. Keyinchalik, buning asoratlari kon’yuktivit deb ataluvchi kasallik ko‘rinishida namoyon bo‘lishi mumkin.
Yana bir turdagi ko‘z yoshlari ruhiy holatlar, hissiyotlar (tushkunlik, stress) tufayli paydo bo‘ladi. Birinchi holatda hammasi tushunarli — bu tabiiy jarayon. Biroq ikkinchi holatda insonning nima uchun yig‘lashi jumboqligicha qolyapti. Ayrim taxminlarga ko‘ra, ruhiy ta’sir natijasida yig‘lash markaziy asab tizimini kuchli ta’sirlanishdan asraydi va hissiyot bilan bog‘liq jarayonlarning yengil kechishini ta’minlaydi.
Vaqtida yig‘i orqali chiqarib tashlanmagan hissiy kechinmalar gipertoniya, xafaqonlik, yurak kasalliklari, oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichak bilan bog‘liq muammolarni yuzaga keltirishi mumkin.
Ayollarning uzoq umr ko‘rishi va markaziy asab tizimining mustahkamligi ularning «yig‘loqi»likda erkaklarga nisbatan ancha ilgarilab ketgani bilan izohlanadi. Zero, ular erkaklarga qaraganda 4 barobar ko‘p yig‘laydi. Bir qarashda ojizlik belgisi bo‘lib ko‘ringan ushbu xususiyat turli hayotiy vaziyatlarda juda ham qo‘l keladi.
Ko‘p yosh oqishining sabablari:
· ko‘z yosh yo‘llarining torayishi yoki berkilib qolishi;
· kuchli kon’yuktivit, uning og‘ir asoratlari;
· dakriotsistit (ko‘z yoshi qopchasining yallig‘lanishi);
· blefarit, kiprik atroflarining yallig‘lanishi;
· keratit (shohpardaning yallig‘lanishi);
· glaukoma.
Ushbu holatlarda ko‘zdan to‘xtamay yosh oqadi. Albatta, ularning oldini olish yoki o‘z vaqtida davolash talab etiladi.
Ko‘z yoshi insoniyatga xos bo‘lgan bir mo‘’jiza. Biz uning salomatlik uchun foydali va zararli jihatlari xususida oz bo‘lsa-da, ma’lumot berishga harakat qildik.
Yodingizda tuting, yig‘lash — tabiiy jarayon. Ojizlik belgisi emas!