Gavhari jonim
Men dunyoga kelgan kundanoq, Yo’llarimga bo’ldingiz chiroq. Ulga’ysin – deb chekdingiz firoq, Onajonim – jonu jahonim, Duogo’yim – chin mehribonim.
Yiqilganda suyanch edingiz, Qoya kabi tayanch edingiz, Nur edingiz, quvonch edingiz, Onajonim – dono sarbonim, Duolari tillo karvonim.
Qadringizni goho bilmadim, Qo’lingizga hassa bo’lmadim, Kulbangizga vassa bo’lmadim, Onajonim – gavhari jonim, Duogo’yim – shirin zabonim.
Uzoq ketsam yo’limga qarab, O’ltirgansiz zor-zor mo’ltirab, Men go’l esa yurganman "yayrab”, Onajonim – chashmi giryonim, Nigohbonim – sarvari jonim.
Ayting, Sizni qaylardan topay, Kalishingiz gardlarin o’pay, Qabringizga ko’z yoshim sepay, Onajonim – toza vijdonim, Tomirimda oqqan pok qonim.
O’lim-ku haq, hamma o’tadi, Lekin ona qolsa netadi? Nahotki yer to’ymay ketadi? Onajonim – ko’zda mijgonim, Munisginam obro’yim,shonim.
Yulduzlarga boqib so’zlayman, Izlaringiz bedor izlayman, Topib ber deb, yelga bo’zlayman, Onajonim – guli rayhonim, Duogo’yim – ruhi ravonim.
Siz – bag’rimda botmas oftobim, Tunlarimda so’nmas mohtobim, Dunyolarga bermas kitobim, Onajonim – gavhari jonim, Duog’oyim – nuri Iymonim…
ONA QADRIGA YETAYLIK WWW.SHERLAR.UZ JAVOXIR
|