Dunyodagi eng qimmat shaharlar reytingida yetakchi nomi o‘zgardi: bu yil birinchi o‘rinni Shveysariyaning Syurix shahri egalladi, sobiq yetakchi Tokiyo esa ikkinchi o‘ringa tushib qoldi. Bu haqda "Economist Intelligence Unit” tadqiqot markazi o‘zining rasmiy matbuot-relizida ma’lum qilgan, deya yozadi "Lenta.ru” nashri. Eslatib o‘tamiz, "Economist Intelligence Unit” tadqiqot markazi har yili dunyodagi yirik shaharlarda yashash xarajatlarini ko‘rsatib beruvchi o‘zining "The Worldwide Cost of Living” hisobotini ishlab chiqadi. Reytingning kuchli o‘ntaligiga asosan Yaponiya, Shveysariya va Avstraliya shaharlari kirgan bo‘lib, buning asosiy sababi sifatida ushbu davlatlar milliy valyutasi kursining mustahkamlanishini keltirishimiz mumkin. Chunki, reytingda dunyo shaharlaridagi yashash xarajatlari AQSh dollari asosida hisoblanadi. Ro‘yxatning uchinchi pog‘onasini Jeneva shahri egallagan bo‘lsa, to‘rtinchi o‘rinni – Osaka, beshinchi o‘rinni esa – Oslo shahri band qildi. Kuchli o‘nlikka yana Parij, Sidney, Melburn, Singapur va Frankfurt shaharlari ham kirgan. Yashash uchun dunyodagi eng arzon shaharlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, reytingga kiritilgan jami 130 ta shahardan eng oxirgi ikkitasini mos ravishda Mumbay va Karachi egallagan. Reytingni tuzishda "Economist Intelligence Unit” tadqiqot markazi ushbu shaharlarda sotiladigan 160 turdagi mahsulotlar va xizmatlar narxlarini hisobga olishgan.