Autocenter.uz o‘zining Facebook’dagi rasmiy sahifasiga Chevrolet Cruze yangi versiyasining ilk suratlarini joyladi.
Surat foydalanuvchilarning qizg‘in muhokamasiga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik avvalgi versiyaning “qiziqarliroq” bo‘lgani, endi oddiy ko‘rinishga kelib qolganini qayd etgan.
Bundan tashqari, yangilangan Cruze Chevrolet’ning boshqa avtomobillari — Malibu, Orlando’ga o‘xshash bo‘lib qolgani ba’zilar tomonidan ta’kidlangan.
Cardir.ru xabar berishicha, Cruze avtomobilining mukammallashtirilgan versiyasi shu yilning aprel oyida premyera qilinadi. Uni birinchi bo‘lib Xitoy Xalq Respublikasi aholisi ko‘ra oladi. Aynan shu mamlakatda sedanning yangi ko‘rinishi suratga olingan.
Chevrolet Cruze’ning taqdimoti Pekindagi avtomobil ko‘rgazmasida bo‘lib o‘tgach, uni ushbu markaning xitoylik dilerlari sota boshlaydi. Uning boshqa mamlakatlarda sotuvga chiqishi haqida hozircha hech qanday ma’lumot yo‘q.
Ta’kidlash joiz, avtomobilning yangilangan ko‘rinishi tekis orqa va old optika, boshqa shakldagi bamper va yorug‘lik diodli tumanga qarshi chiroqlarga ega bo‘ldi.
Orqadagi raqam bamperga o‘rnatildi. Ichki jihozlar esa o‘zgarishsiz qoldi.
|