Fransiya aholisi dunyoning eng yalqov kishilari ekan. O‘tkazilgan
tadqiqot natijalariga ko‘ra, fransuzlar Yer kurrasida yashovchi xalqlar
orasida eng ko‘p: sutkasiga 9 soat uxlashi aniqlandi. Yapon va
koreyslar o‘rtacha 8 soatni, britaniyaliklar esa 7,5 soatni orom
olishga sarflashadi. Uyquchilar ro‘yxatida 2-o‘rinni 8,5 soatlik
ko‘rsatkich bilan amerikaliklar egallashdi. 3-pog‘onadan ispaniyaliklar
joy oldi. Ushbu ilmiy tadqiqot Parijning iqtisodiy hamkorlik va
rivojlanish tashkiloti (Organisation for Economic and Co-operation and
Development-OECD) mutaxassislari tomonidan olib borildi. Ekspertlar
yana shuni aniqlashdiki, fransuzlar kunning 2 soatini ovqatlanish bilan
o‘tkazishadi. Bu esa boshqa davlatlar orasida yuqori (rekord)
ko‘rsatkichdir. Jil Dore (Cilles Dorree) restoranlari sohibi so‘zlariga
ko‘ra, fransuzlar haqiqatan tamaddi qilish va shunchaki erinchoqlik
qilishni yoqtirishadi. «Bu bizning daxlsiz huquqimizdir. Biz mazali
taom va vino kabi ajoyib narsalardan rohatlanib yashashni xush
ko‘ramiz. Fransuzlar doimo shoshilib yuruvchi va tezgina tanovul
qiluvchi kishilarni tushunolmaydilar», — deb ta’kidladi u.
Fransuzlardan so‘ng tanovul uchun 2 soatdan kamroq vaqt sarflovchi
Yangi Zellandiya va Yaponiyada istiqomat qiluvchilar turishadi. OECD
mutaxassislari fikriga ko‘ra, britaniyaliklar eng tez tamaddi
qiluvchilardir — kuniga yarim soat. Meksikaliklar esa sal ko‘proq:
o‘rtacha bir soatda to‘yib ovqatlanishga ulgurishadi. Uyqu va
ovqatlanish uchun qancha vaqt ketishiga qarab yalqovlik darajasini
belgilovchi bu tadqiqot dunyoning 18 davlatida o‘tkazilgan.