39 yoshli mashhur rus aktyori Vladislav Galkin endi oramizda yo`q. Uni bugun Moskvada Troyekorovskiy qabristonida so`nggi manzilga kuzatishadi. Rossiya kinematografiya birlashmasi bergan ma`lumotga ko`ra aktyorning oila a`zolarining hohishi bo`yicha marosim ommaga yoritilmaydi. Qabristonda ham aktyorning oila a`zolarigina yig`ilishadi.
27-fevral kuni do`stining uyida vafot etgan aktyorning o`limiga o`tkir yurak-tomir yetishmovchiligi sabab bo`lgan deb ko`rsatilmoqda. Bir necha kun oldin aktyor oshqozon osti bezi yallig`lanishi tashxisi bilan davolanayotgan muassasadan chiqarilgan edi. O`limiga qadar u maxsus parxezda bo`lgan va belgilangan dori vositalarini iste`mol qilgan. Tekshiruvlar natijasiga ko`ra aktyorni zaxarlash yoki unga suiqasd belgilari aniqlanmadi.
Vladislav Galkinni muxlislar "Dalnoboyshiki” serialidagi, "Usta va Margarita”, "Diversant” filmlaridagi rollari orqali yaxshi tanishadi. O`tgan yili 1-martdan efirga ketgan "Kotovskiy” serialida o`ynagan roli aktyorning so`nggi roli bo`lib qoldi. U serialda bosh rollardan birini talqin etgan edi. Vladislav Galgin – Rossiyada xizmat ko`rsatgan artist, 40 dan ortiq filmlarda turli obrazlarni yaratgan. Uning birinchi roli "Tom Soyer va Geklberri Finning sarguzashtlari” filmidagi Gek obrazidir. O`shanda aktyor 10 yoshda edi. Galkin ko`p filmlarda himoyachi, askar, maxsus xizmat hodimlarini talqin etgan.