Rossiyadagi Korrupsiyaga qarshi kurash fondi (KQKF) Rossiya prezidenti Vladimir Putinning sobiq turmush o‘rtog‘i Lyudmila Putinaning familiyasini o‘zgartirgani va mol-mulk bilan bog‘liq operatsiyalari to‘g‘risida “Sobesednik” jurnali tomonidan e’lon qilingan hujjatlarni tekshirdi. Bu haqda, “Dojd” telekanali xabariga ko‘ra, 25-yanvar, dushanba kuni KQKF xodimi Georgiy Alburov ma’lum qildi.
“Ozero” kooperativini tashkil etish haqidagi hujjatda Vladimir Putinning manzili sifatida Vasilyevskiy orolidagi ikkinchi yo‘lda joylashgan xonadon ko‘rsatilgan. Bu xonadon 2015-yil 23-iyul kuni meros huquqi bo‘yicha Lyudmila Putinaning singlisi — Olga Somayeva nomiga o‘tgan. 24-avgust kuni esa xonadon Lyudmila Ocheretnaya nomiga rasmiylashtirilgan. Uning ismi, otasining ismi, tug‘ilgan vaqti va joyi Lyudmila Putinaning ma’lumotlari bilan bir xil.
Lyudmila Putina ko‘p yillardan beri Shaxslararo munosabatlarni rivojlantirish markaziga g‘amxo‘rlik qilib keladi. Markazga Artur Ocheretniy rahbarlik qiladi, u 37 yoshda. “Sobesednik” jurnali surishtiruvida aynan u Lyudmila Putinaning yangi eri sifatida ta’kidlangan.
Surishtiruvda qayd etilishicha, Ocheretnaya familiyasiga yangi pasport 2015-yil 2-fevral kuni Federal migratsiya xizmati (FMX)ning Moskva shahar boshqarmasida olingan. Jurnalning yozishicha, odatda pasport FMXning hududiy bo‘limida topshiriladi, pasportning shahar boshqarmasi tomonidan berilishi Ocheretnayaning “alohida maqomga ega ekanligini yana bir karra tasdiqlaydi”.
Xabar berishlaricha, Artur Ocheretniy “Sobesednik” jurnalining yozma murojaatlarini rad etgan. Eslatib o‘tamiz, Vladimir va Lyudmila Putinlar ajrashgani haqida 2013-yilda e’lon qilgandi. Putin shundan beri rasman bo‘ydoq sanaladi.
|