Uyali telefon vositasi uzog‘imizni yaqin qildi. U bizning dastyorimizga, ro‘zg‘orimizdagi eng kerakli buyumlardan biriga aylandi. Bu zamonaviy aloqa turining foydasi haqida uzoq gapirish mumkin. Lekin qulaylikdan boshqa maqsadda foydalanayotganlar, uni zararli vositaga aylantirayotganlar ham bor, deydi «O‘zbekiston ovozi» muxbiri Abdumalik Haydarov «Uyali telefonlardagi hayosizliklar yoki u orqali tarqatilayotgan tagi zil hazillar oqibati xususida» maqolasida. — Ba’zi yoshlarning qo‘lidagi telefonlarda vahshiylikni targ‘ib qiluvchi tasvirlar borligi kishini tashvishlantiradi, — deydi Denov tumanidagi 17-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Fayzulla Jo‘rayev. — Bundan tashqari, yarim yalong‘och yigit-qizlar surati tushirilgan holatlar... Biri «jilpanglab» tanasini ko‘z-ko‘z qilsa, boshqasining «qiyshanglashi» undan o‘tib tushadi. Milliy qadriyatlarimizga, axloqimizga zid bo‘lgan bunday noma’qulchilik ma’naviyatimiz va sog‘lom turmush tarziga tahdid emasmi? Bunga befarq qarash mumkinmi? Nazarimda, ota-onalar farzandlarini bu borada jiddiy nazorat qilishi kerak. Bu — yoshlar bilan bog‘liq muammo. Lekin katta yoshdagilar o‘rtasida ham bunday noma’qulchiliklar uchrab turadi. «Telefondagi qattiq hazil tufayli oilamdan ajralishimga bir bahya qoldi, — deydi oltinsoylik B. ismli tanishim. — Kunlarning birida mehmonlar va bola-chaqa bilan kechki ovqatga o‘tirgandik. Qo‘ng‘iroq bo‘ldi... Yaqin do‘stimning telefon raqami edi. Ovozini balandlatib, zarur tugmasini bosdim: «Alyo, jonim, ko‘rinmay qoldingiz...» Ayol kishining ovozidan talmovsirab qoldim. Axir bu do‘stimning raqami bo‘lsa?! Farzandlaru mehmonlar ham birdan hushyor tortdi. Xotin esa g‘azab otiga mindi. Qani endi savilning ovozini o‘chirishni bilsam. Notanish «tanishim» esa do‘stimning telefonida javrashda davom etardi: «Sog‘intirib qo‘ydingiz-ku, shakarim! Tunov kuni uchrashuvga kelmadingiz? Axir men sizni jonimdan ham ortiq suysam... Yoki oyimchangiz ruxsat bermadilarmi? Ertaga uchrashaylik, asalim, xo‘pmi?! Soat nechada, deysizmi? Yo‘q, tushlikda bo‘lmaydi, yaxshisi, kechqurun qo‘ng‘iroqlashamiz...» Bo‘ldi janjal, bo‘ldi to‘polon. Xotinim ko‘ch-ko‘ronini yig‘ishtirishga tushdi. Mehmonlar oldida izza bo‘lganimni aytmaysizmi? Ertasiga do‘stim telefoniga «o‘rnatgan» «Tanishaylik ixtiro»sini oshkor qildi. Shundan keyin xotin hovuridan tushdi. Bu voqea biroz unut bo‘lgan bo‘lsa ham, el og‘zida «sotkachi» laqabini oldim». Bugun «Telefoningizga rasm, hazil, turfa filmlar yozilgan «disk»dan ko‘chirib berishim mumkin, aka», deydigan epchillar ko‘chada ko‘payib qoldi. Bir kuni hazillar sotish bilan shug‘ullanuvchi yigit shunday vaysashlardan yangisini qo‘yib berdi. Uni so‘zma-so‘z keltiramiz: «Ako, qarzni qachon berasiz? Olganingizga ham ikki oy bo‘ldi-yov... Lafzingiz bormi, o‘zi? Yigitning so‘zi bitta bo‘ladi-da. Qanaqa qarz, deysizmi? Bugun bir qiz bilan uchrashuvim bor, deb 50 ming so‘m olgandingiz-ku. Yoki yangamulloga aytaymi? Nima, qarz-parzingiz yo‘q?! Bo‘ldi, gap tamom. Hoziroq uyingizga boraman! E-e, seni...» (Keyingi beparda so‘kinishlarni eshitgan to‘ng‘iz ham tul tashlab yuboradi). Bunday «o‘yin»lardan bexabar kishi «suhbatdosh»ning savollariga hamohang javob qaytaraveradi. Maxsus o‘rnatilgan «disk» esa asabni qaqshatadi, qon bosimini ko‘taradi. Eng yomoni, hatto ba’zi aloqa kompaniyalari SMS orqali o‘z mijozlariga «Do‘stingizni laqillating» deb xizmat turlarini taklif qilishmoqda. Uyali telefonlarda asabbuzar, ma’naviyatga zid, bema’ni hazillar tur-turi bilan ortib borayotgani tashvishli holdir. Ko‘cha-ko‘ydagi «uchar» sotuvchilar esa bunday bemazagarchiliklarni pullash bilan ovora. Ularni maxsus idoralar nazorat qilsin, deyish bilan cheklanish to‘g‘ri emas. Bunday illatlarga qarshi jamoatchilik yordami targ‘ibot-tashviqot ishlari orqali kurashish kutilgan samarani berishi mumkin. «Farzandlarimizni odobli, ma’naviyatini yuksak qilib tarbiyalasak, nima foydaliyu nima ziyonligini o‘rgatsak, bunday noma’qul, qiliqlar kamayadi, «uchar»larning bozori esa kasodga uchraydi. Xalqda hazilning tagi zil, degan maqol bor. Uyali telefonlar orqali uyushtirilayotgan bema’ni hazillar oqibati esa yanada xunuk tus olishi mumkin. Eng tashvishlisi, bunday hayosiz gap-so‘zlar, «hazil»lar yoshlarimiz tarbiyasiga o‘ta salbiy ta’sir qiladi. Aslida o‘zini hurmat qilgan odam bunday axloqsiz ishlar bilan shug‘ullanmaydi», - ta’kidlaydi «O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
|