Antarktida sharqidagi Denison burnida makon qurgan Adeli pingvinlarining soni 2011-yildan buyon 160 mingdan 10 mingga tushib qoldi. Ulkan aysbergning ular yashaydigan qirg‘oqni dengizdan to‘sib qo‘yishi buning birlamchi omili bo‘ldi, deb hisoblaydi tadqiqotchilar. Ilmiy taftish natijalari Antarctic Science jurnalida chop etildi, The Guardian gazetasi bu haqda qisqacha axborot taqdim etdi.
Materialda aytilishicha, pingvinlar qirg‘oq bo‘yida yashab kelgan, ammo 2010-yili bu yerga 2900 kvadrat kilometr maydonga ega B09B aysbergi kelib qolib, pingvinlar koloniyasini dengizdan uzib qo‘ygan.
Jonivorlar oziq qidirib 60 kilometr masofani bosib o‘tishi bu populyatsiyaning hayotiga halokatli ta’sir ko‘rsatgan. Faqat muzdagi yoriqlardan baliq ovlashni o‘rgangan juftliklar omon qolgan.
Shu bilan birga, Adeli pingvinlarining 8 kilometr uzoqlikda joylashgan boshqa bir jamoasi gullab-yashnamoqda. Bu ham pingvinlarning birinchi koloniyasi fojiasi B09B aysbergi bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi.
Olimlarning taxminiy hisob-kitoblariga qaraganda, agarda dengiz to‘lqinlari aysbergni bo‘lib yubormasa, pingvinlarning qolgani ham 20 yil ichida qirilib ketadi.
|