O’lim degan podshoh bir kun eshik qoqar Xudo bilar u kimlarga xushro‘y boqar... Bu haqiqat kimga yoqmas, kimga yoqar: Otang o‘ldi, onang o‘ldi, navbat sanga... Yoshligingda ota-onang tuggan tugun Yechilishga tayyorgarlik ko‘rar bugun, O’lim uchun tadoriging yo‘qdir nechun?! Otang o‘ldi, onang o‘ldi, navbat sanga... Payg‘ambarlar ketdilar-u, ibrat yo‘qdir, Tobut turar senga ilhaq, ko‘ngling to‘qdir. Hammaga bir-bir otilgan aniq o‘qdir - Otang o‘ldi, onang o‘ldi, navbat sanga... Osmon o‘par binolar ham darz ketdilar, Eng chiroyli sanamlar ham qarz ketdilar. Va hammasi bir manzilni uy etdilar, Otang o‘ldi, onang o‘ldi, navbat sanga... Bolang yig‘lar saboq istab, non tutasan Johil o‘ssa, yig‘lab tag‘in qon yutasan. Ayt, munchalar nimani zor-zor kutasan Otang o‘ldi, onang o‘ldi, navbat sanga! Nodon asli kibr bilan ko‘krak kerur, Iymonini puch dunyoga sotib berur... O’lmaysan, deb aldayotgan shayton erur Otang o‘ldi, onang o‘ldi, navbat sanga! Harob aylab gulbo‘stonda gul hayotni Alloh turib, do‘st tutmagin o‘zga yotni. Unutmagin eng azaliy tartibotni: Otang o ‘ldi, onang o‘ldi, navbat sanga!
|