Tamaki haqidagi ilk ma’lumotlar qadimgi yunon tarixchisi Geradot asarlarida uchraydi. Manbalarda Afrika qit’asida yashovchi odamlar o‘sha davrda ma’lum bir o‘simlik barglarini tutatib, shu tutunni hidlashni odat qilishgani qayd qilingan. Ammo bu o‘simlik XVI asrda Kolumb ekspeditsiyasiga xizmat qilgan kemada Yevropaga keltirilganidan keyin ommalashib ketdi va uning vatani Janubiy Amerika deb e’tirof etildi. Dastavval tamakini hidlash, chaynash odat bo‘lgan. Keyinchalik esa u maydalanib, chekiladigan bo‘ldi. Ma’lumki, tamaki tarkibidagi nikotin hamda har xil zararli moddalardan iborat tutun organizm uchun juda zaharlidir. U qondagi kislorodni kamaytirib yuboradi, bronxlar shilliq pardasiga ta’sir ko‘rsatib, surunkali bronxit va o‘pka emfizemasiga sabab bo‘ladi. Tamaki chekuvchilar oilasida nimjon, nuqsonli farzandlar tug‘ilishi ham fanda o‘z isbotini topgan. Masalan, kasalliklar orasida o‘limga olib keluvchi eng katta ko‘rsatkich bu — yurak qon-tomir va onkologiya kasalliklari hisoblanadi. Ularni keltirib chiqaradigan omillardan biri shubhasiz tamakidir. Chekish natijasida jigar, o‘pka kabi nozik a’zolar shikastlanib, oshqozon-ichak, o‘pka raki, nafas olish organlarining yallig‘lanishi kabi jiddiy kasalliklar kelib chiqadi. Bugungi kunda dunyo miqyosida chekishga 1 milliard 100 million kishi ruju qo‘ygan bo‘lsa, yiliga 8 million kashanda undan kelib chiqadigan kasalliklardan vafot etadi. Bemorlar soni yildan-yilga kamayish o‘rniga ortib borayotgani esa juda tashvishlanarli holdir. Eng yomoni, ba’zi oliy toifali vrachlarning o‘zlari ham bu zararli odatdan chetda emaslar. To‘g‘ri, ba’zilar qattiq asabiylashganidan, biror qayg‘uga o‘ralashib qolganidan cheka boshlaydilar. Lekin insonlar yaxshi kunni ham, yomon kunni ham bunday zararli odat bilan sheriklikda o‘tkazishi shartmi? Kishi chekishdan butkul xalos bo‘lish uchun asabiylashganida bardoshli bo‘lishi eng to‘g‘ri yo‘ldir. Shu boisdan ko‘pgina mamlakatlarda bu zararli odatga qarshi qattiq kurash olib boriladi. Masalan, ancha yillar oldin birinchi bo‘lib Irlandiya hukumati jamoat joylarida tamaki chekishni ma’n qiluvchi qonun chiqargan edi. 2003 yili Frantsiyada chekuvchilar sonini qisqartirish uchun tamaki mahsulotlarining narxi 20 foizga ko‘tarilgan. Norvegiyada esa 30 yildirki, tamaki mahsulotlari mutlaqo reklama qilinmaydi hamda restoran, bar va qahvaxonalarda uni chekish taqiqlangan. Kaliforniya shtati qonunchiligiga ko‘ra, fuqarolar jamoat binolarining ichida hamda ularga olti metr yaqin joyda ham sigareta chekishi mumkin emas. Himolay tog‘larida joylashgan Butan qirolligida esa tamakini nafaqat reklama qilish, balki uni chekish ham butunlay taqiqlangan.
|