Malaklar tushiga kirgan mohdilim, Ohular ko’ziga aylangan savol. Gulim… Hayratlarga ekilgan gulim, Ayol… sog’inchlardan tug’ilgan Ayol… Onam, Opam, Singlim, Dugonalarim… Mehrimga oshufta parvonalarim. Azizam, Dilbarim, Chuchmomalarim… Ismi kiprigimga tugilgan Ayol.! Dil berar dilining o’g’risi bo’lib, Yashar dardlaridan birisi bo’lib, Ikkiga bo’linib sevar erkakni: Malikasi bo’lib, Cho’risi bo’lib… Ayol… Sevgan Ayol, Sevilgan ayol… Gullar lablarining yaprog’iga zor, Kuylar barmoqlarin titrog’iga zor… Xudoyim.! Bu sohir hilqating ba’zan Alla aytish uchun tirnog’iga zor… Ayol… Iztirobga to’kilgan Ayol… Sizmi-saroblarga yo’lni yo’qotgan.? Sizmi- gunohlarga toptalib yotgan? Muhabbatning arzon savdolarida G’ururini sotgan, Ishqini sotgan Ayol… Jannatlardan quvilgan ayol… Bedorligi yayrar farzand isida, Ro’zg’or yuki kiftin o’ysa ba’zida, Zaminni, Osmonni asrasa bo’lar O’sha ushoqqina yurak mag’zida. Ayol… Matonatga yo’g’rilgan ayol… Siz noziksiz, Injiq gulsiz, baribir… Mehrga, shafqatga qulsiz, baribir, Quyosh o’psa titrab ketgan shabnamim, She’rimga inmagan Dilsiz, baribir.! Ayol… Sinoatdan tug’ilgan Ayol… Ismi kiprigimga tugilgan Ayol…
|