Sochlarimiz sog`lom ko`rinishda, jiloli bo`lishini istaymiz. Lekin negadir bunday bo`lmaydi. Balki sochlar parvarishida biror xatolikka yo`l qo`yayotgandirmiz? Foydali deb amal qilayotgan ba`zi muolajalar aksincha, zararlidir? 1. AFSONA. "Yuz marta tarashning sehri". Sochlarni taroqda yuz marta sanab taralsa, ular yaxshi o`sib, qalinlashadi deb hisoblangan bu "retsept" haqida eshitgandirsiz, ehtimol. Aslida sochlarni zo`r berib, qayta-qayta tarash (ayniqsa, uzun sochlarni), soch follikulalarining zaiflashishiga olib keladi. Albatta sochlarni tarabb turish kerak, lekin zarur paytdagina. 2. AFSONA. Maxsus vositalar shikastlangan soch uchlarini davolaydi. Maxsus sepmalar muntazam qo`llab turilganda shikastlangan soch tolalarini asl xoliga qaytarishi mumkin. Aslida shikastlangan, yorilgan soch tolalarini davolab bo`lmaydi: ular qayta tiklanmaydi. Maxsus vositalar yordamida yorilgan soch tolalarini vaqtinchalik "yopishtirib" turish mumkin - sochlar yuvilgandan so`ng yorilgan tolalar yana o`sha holiga qaytadi. 3. AFSONA. Qancha ko`p kestirsangiz, sochlar shuncha tez o`sadi. Sochlar qirdirib olib tashlansa, qalin bo`lib o`sadi. Sochlarni tez-tez kaltartirib tursangiz, tezroq qalinroq sochlarga ega bo`lasiz. Aslida sochlarning qalinligi (ya`ni follikulalarning soni) irsiy jihatlarga bog`liq bo`ladi. Na kaltartirish, na sochni qirdirib olish va na zamonaviy vositalar soch ildizlari sonini oshirmaydi. Soch kestirish sochlarning o`sish tezligiga ham ta`sir ko`rsatmaydi. 4. AFSONA. Vegetariancha parhez sochlar uchun foydali. Bunday parhezda organizm tozalanadi, demak, sochlarning ko`rinishi ham yaxshilanadi. Vitaminlar qabul qilish go`sht, tuxum va sut mahsulotlarining o`rnini bosadi. Aslida hech qanday vitaminlar to`plami to`laqonli ovqatlanishning o`rnini bosa olmaydi. Sizning kundalik taomnomangizda albatta oqsilli ovqatlar bo`lishi kerak, faqat salatlar bilan yetarli quvvat olib bo`lmaydi. 5. AFSONA. Soch yuvish vositalarini tez-tez almashtirib turish kerak! Shampunlarni muntazam o`zgartirib turish shart, chunki sochlar bitta vositaga "o`rganib" qoladi va uning nafi bo`lmay qolishi mumkin. Aslida unday emas! Sochlaringizga mos keladigan shampundan istaganingizcha foydalanishingiz mumkin. 6. AFSONA. Sochlarni muzdek suv bilan chayish karak. Shunda sochlar chiroyli, mayin va jiloli bo`ladi. Aslida sochlarni muzdek suv bilan chayib, faqat tumov orttirib olishingiz mumkin. Sochlarni yaltiratish uchun proteinli balzamlardan foydalaning. 7. AFSONA. Yuvilgan sochlarni yaxshisi oftobda quritish kerak. Ko`pchilik soch soch qurituvchi vositadan ko`ra sochlarni quyosh nurlariga tutib quritishni ma`qul deb biladi. Aslida sochlarni tabiiy issiqlikda quritish juda yaxshi, lekin soch tolalarini quyoshdan taraladigan ultra-binafsha nurlaridan qanday saqlash mumkin ? Ayniqsa shahar sharoitida quyosh nurlari chang bulutlariga qorishib ketgan bo`lsa? Sochlarni fenda quritganda haroratning qaynoq emas, iliq bo`lishiga e`tibor bering.
|