Bir kuni bir donishmanddan odamlarni sevuvchilar yoki uni faqatgina tilida gapiruvchilar orasida qanday farq borligini so‘rashibdi. Shunda donishmand: "Keling, sizga ularning farqini amaliyotda ko‘rsatay”–deb, dasturxon hozirlabdi.
Sevgi tilidan qalbiga yetib bormaganlarni eng avval dasturxonga chaqiribdi. Dasturxonga ovqat keltirilgach, donishmand mehmonlarga uzun qoshiq beribdi. Qoshiq shu darajada katta ediki, u bilan ovqat yeyish imkonsiz edi. Shu sababli ham taomlar og‘izga yetib bormay, to‘kilib-sochilib ketar edi. Mehmonlar ming qiyinchilik bilan ovqatni yeya olmay dasturxondan turib ketishibdi.
Shundan so‘ng donishmand dasturxonga yuzlaridan nur yog‘ib turadigan, sevgi qalblarining tubidan joy olgan insonlarni dasturxonga taklif qilib, ularga ham shunday uzun qoshiqlarni beribdi.
Bu safargi mehmonlar qoshiqlarda bir-birlariga ovqat yedirishar edi. Shunday qilib ularning har biri qorinlarini to‘yg‘azib, donishmandga o’z minnatdorchiliklarini bildirib, dasturxondan turib ketishibdi.
"Ko‘rdinglarmi”,– debdi donishmand: "Kim faqat o‘zini o‘ylasa, hayot dasturxonida ham faqat o‘z qornini o‘ylaydi va dunyodan och o‘tadi. Kim do‘stini o‘ylasa, o‘zi ham do‘sti tomonidan to‘ydiriladi. Shubhasiz, bu dunyoda sevgisini bo‘lishib yashaganlar muvaffaqiyat qozonadi.”
Mahmudjon YUSUFJANOV
|