Bir badavlat yigit ko`chadan o`tib ketayotsa, ingichka ovozi bilan odamlardan sadaqa so`rayotgan kichkina, nimjongina qizchaga ko`zi tushibdi. Qizaloqning abgor ahvolidan ko`ngli buzilibdi-yu, darrov cho`ntagiga qo`l suqib, yonida borini unga berib yubormoqni niyat qilibdi. Shu zahoti shaytonning ovozi eshitilibdi: «Sen bu pullarni osonlikcha topibsanmi! Butun mol-dunyoingni sadaqa qilib yuborsang ham, bunaqa tilanchilarning hammasiga yordam berolmaysan. Qo`yaver, Xudo buning peshonasiga shunaqa taqdir bitgan!». Yigit qizchaga ko`p qatori arzimagan bir necha chaqa beribdi-yu, yo`lida davom etibdi. Kechqurun oilasi bilan to`kin dasturxon atrofida o`tirganida, «uni emayman, buni emayman», deya tansiq eguliklarni rad etayotgan erkatoy qizchasining lo`ppi yuzlariga, tiqmachoqdek bilaklariga boqar ekan, egni yupunligidan diydirab, sovuq qotgan, ozg`in qo`llarini odamlarga cho`zganicha sadaqa tilayotgan qizaloq ko`z oldiga kelibdi. Shaytonning gapiga kirib, yonida borini unga berib yubormaganidan afsus chekibdi. Tunda Allohga nido qilibdi: - Ey Qodir Egam! Bu qizchaga nega bu qadar qiyin taqdirni ravo ko`rding? Bunaqada u qachon odamga o`xshab yashaydi?! Yigitning qulog`iga shunday ovoz eshitilibdi: «Seni nega badavlat etib yaratganimizni tafakkur qilmaysanmi?!»...
|