O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Sanjar Tursunov Qatarning “Umm-Salal” futbol klubi a’zosiga aylandi. Bu haqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
29 yoshli futbolchi faoliyatini bunga qadar Ukrainaning “Vorskla” jamoasida olib borayotgan edi. 2014-yildan buyon poltavaliklar tarkibida to‘p surib kelgan yarim himoyachi endilikda faoliyatini Qatar Yulduzlar Ligasida davom ettiradi.
“Sanjar Tursunov shu oy avvalida jamoani tark etgan eronlik futbolchi Andranik Temuryanning o‘rnini to‘ldirish uchun xarid qilindi”, — deb yozadi Qatar Yulduzlar Ligasi rasmiy sayti ushbu transfer haqida.
Ta’kidlanishicha, futbolchi 26-yanvar, seshanba kuni klub bilan 18 oyga mo‘ljallangan shartnomaga imzo chekdi. Shuningdek, Tursunov o‘zining yangi jamoasi bilan seshanba kungi mashg‘ulotlarda qatnashgan. Uning “Umm-Salal” tarkibidagi debyuti 28-yanvar kuni chempionat peshqadami “Ar-Rayan”ga qarshi o‘yinda bo‘lishi kutilmoqda.
|