Ne tilaging bo‘lsa, Allohdan tila,
Yo‘qsa ishing to‘xtar, uzayar ohing.
Har ishni boshlagin Alloh nomi-la:
"Bismillahir rohmanir rohim...”
Allohga hamd bo‘lsin, cheksiz beadad.
Uning hukmidadir osmonu zamin.
Maqtovga loyiq zot Allohdir faqat:
"Alhamdulillahi robbil ‘alamin...”
Borligiga keltir imon,
Tog‘u toshlar bunga shohid.
Alloh birdir, bunga inon:
"Innama ilahun vahid...”
Shafqat, marhamat-la yorlaqar bizni,
Maxluqotlar rizq-ro‘zin yetkazur doim.
Taqdir etgan Udir har ishimizni:
"Zalika taqdirul azizir-rohiim...”
U iroda etsa mutlaq bo‘ladir,
Unga pinhon emas har yon, har iqlim.
Hatto ko‘nglingdagi sirni biladir:
"Vahuva bikulli shay’in aliym...”
U qulni kechirgay, U rahm qilar,
Go‘zal ismlari Raufu Rohiym.
Tavba qilganlarni bilgin afv etar:
"Innahu huvat-tavvabur-rohiym.
Alloh va’dasidir: yetkazar rizqing,
Shubhasiz, bu qulga buyuk marhamat.
Namoz o‘qi. Zakot ber qodir bo‘lsang:
"Va aqimus-solata va atuz-zakat...”
Inson tafakkurda, harakatda hur,
Amallarda sokin, xotirjam bo‘ling.
Alloh qilganingiz har ishni ko‘rur:
"Vallohu basiyrun bima ya’malun...”
Uning izmidadir zaminu samo,
Har ish amri ila bo‘ladi sodir.
U har ishga mohir, qodir doimo:
"Vallohu ‘ala kulli shay’in qodir...”
Alloh sabr aylagan qulni sevadi,
Mo‘min yuksaladi sabr etgan sayin.
Alloh sabrlilar bilan birgadir:
"Innalloha maas-sobiriyn...”
Allohga ko‘p shukr aytgan baxtiyor,
Zero, U har damda – sizdan xabardor.
U bilar chin shokir banda asli kim.
"Fainnalloha shakirun aliym...”
Uning oyatlari ko‘p,
Kofiy bunga ko‘k va suv.
Undan o‘zga Tangri yo‘q:
"La ilaha illa hu...”
Kim u o‘zin sanar juda quvvatli?
Axir hamma uchun hisob bor, hisob.
Allohning azobi, qattiq shiddatli:
"Va innalloha shadidul azab...”
U afv etguvchidir, kechirgay albat,
Nadomat chekib, chin tavba qilaylik.
Alloh gunohlaring aylar mag‘firat:
"Innalloha g‘ofurur rohiym...”
Yomonlikka yaxshilik qilsang ajr bor,
Yaxshilik, go‘zallik – shiori dinning.
Alloh ehson etgan qullarni sevar:
"Innalloha yuhibbul muhsiniyn...”
Fasod bir ilondir, boshin darhol ez,
Fasodchining ishi oxiri barbod.
Alloh fasodchini yomon ko‘radi:
"Vallohu la yuhibbul fasad...”
Insonlar barchasi bir asldandir,
Bo‘lsa ham biri oq, biri qoratan.
Bir millat bo‘lgani shundoq ayondir:
"Kanan – nasu ummatan vahidatan...”
Mumkinmi bir nima Undan yashirmoq?
U hammasin ko‘rar, bilar – qolmas sir.
Hamma ishimizni ko‘rmoqda Haq-rost:
"Innalloha bima ta’maluna basiyr...”
Eng to‘g‘ri qarorni Sen berasan, Sen,
Ey ulug‘ Allohim, ey ulug‘ Rabbim.
Har neni eshitib ham bilasan Sen:
"Innaka antas-sami’ul aliym...”
Musulmon hech kimni urmas va so‘kmas,
Qidirmas kimsani qiynamoq yo‘lin.
Shubha yo‘qdir, Alloh zolimni sevmas:
"Vallohu la yuhibbuz-zolimiyn...”
Sabr etgan doimo murodga yetar,
Ey mo‘minlar, siz ham murodga yeting.
Alloh ham sabrli qullarin sevar:
"Vallohu yuhibbus-sobiriyn...”
"Hikmat yog‘dulari"- kitobidan.