Muhabbat – eng halol tuyg`u Xudo bergan,
Chin muhabbat kimga ayon,
Kim – bilmagan.
Kimlar yo`lni dilga,
Kim to`shakka burgan...
Muhabbatdan gapirmanglar, muhabbatdan!
Nafs degani so`lak kabi oqsa, toshsa,
Ayol etak ochib jazman tomon shoshsa,
Ko`zdan hayo,
Yuraklardan imon qochsa,
Muhabbatdan gapirmanglar, muhabbatdan!
Ota «ishqi» go`daklarni abgor qilsa,
Qizlar «sevib» otalarni bedor qilsa,
Ona «sevib» sharmanda-sharmisor qilsa...
Muhabbatdan gapirmanglar, muhabbatdan!
Do`stingizning yori sizga yoqib tursa,
Ko`nglingizdan gunoh suvi oqib tursa,
Ko`zingizdan shayton kulib boqib tursa,
Muhabbatdan gapirmanglar, muhabbatdan!
Nafs vijdon lashkarini qilsa g`orat
Tanaga zeb uchun bo`lar bor mahorat.
Ishq - pok tuyg`u!
Yuviqsiz yo betahorat
Muhabbatdan gapirmanglar, muhabbatdan!
Dilfuza KOMILOVA
|