Hindistonda dunyodagi eng arzon planshet kompyuter taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu planshet kompyuterni Buyuk Britaniyaning DataWind kompaniyasi ishlab chiqargan bo‘lib, u "Aakash” deb nomlanadi (tarjimasi – "Osmon”). "The Times of India” nashrining yozishicha, apparat narxi o‘rtacha 45 dollar turadi.
"Boylar bemalol raqamli dunyo mo‘jizalaridan foydalanishlari mumkin, kambag‘allar esa bu imkoniyatdan mahrum. "Aakash” ushbu nomutanosiblikni yo‘qqa chiqaradi”, – deydi Hindistonning ta’lim va telekommunikatsiyalari vaziri Kapil Sibal janoblari. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu planshet kompyuterlarning ilk partiyasi talabalar uchun mo‘ljallanadi. Eng qizig‘i, ushbu qurilma talabalarga bepul tarqatiladi.
Mazkur planshet kompyuter 800×480 kengaytmali 7 dyumlik ekranga ega va u Google Android 2.2 operatsion tizimi asosida ishlaydi. Apparat 366 Mgs chastitali protsessor, 256 megabayt operativ xotira va microSD portiga (32 gigabaytgacha) ega. Unga Wi-Fi simsiz aloqa moduli hamda USB-port ham o‘rnatilgan. Qurilmaga bir nechta ilova dastur avvaldan o‘rnatilgan holda chiqadi, biroq unda Android Market onlayn-do‘konidan foydalanish imkoniyati mavjud emas.
Hindiston hududida "Aakash” planshet kompyuterlarini yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi DataWind kompaniyasi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, agarda ushbu mahsulotdan ommaviy ishlab chiqarish boshlanadigan bo‘lsa, uning narxi 35 dollargacha tushishi ham mumkin. Kompaniya yaqin kunlarda uning tijoriy versiyasini ham ishlab chiqarmoqchi va uning narxi 62 dollar bo‘lishi kutilmoqda.
Coca-Cola – dunyodagi eng qimmat brend, Interbrand-2011
Coca-Cola kompaniyasi ketma-ket 12-marta "Interbrand” agentligi tomonidan tuziladigan dunyodagi eng qimmat brendlar reytingida birinchi o‘rinni egallab kelmoqda. 2011-yilda Coca-Cola brendi agentlik tomonidan 71,861 milliard dollar qiymatida baholandi. O‘tgan yili esa kompaniyaning savdo belgisi 70,452 milliard dollar qiymatida baholangan edi.
Reytingning ikkinchi pog‘onasini IBM korporatsiyasi band qildi, uning brendi bu yil 69,905 milliard dollarga baholandi. Uchinchi o‘rinni esa Microsoft korporatsiyasi o‘zida saqlab qoldi – 59,087 milliard dollar.
Dunyodagi eng qimmat brendlar o‘nligiga yana Google (55,317 milliard dollar), General Electric (42,808 milliard dollar), McDonald’s (35,593 milliard dollar), Intel (35,217 milliard dollar), Apple (33,492 milliard dollar), Disney (29,018 milliard dollar) va Hewlett-Packard (28,479 milliard dollar) ham kirdi.
Yil davomida eng yuqori o‘sish Apple kompaniyasida kuzatildi, uning brendi 58 foizga qimmatlashdi. Amazon.com brendi esa 32 foizga qimatlashdi. Google internet-gigantining brend qiymati 27 foizga ortdi.
Ma’lumot o‘rnida:
"Interbrand” tahlilchilari biror brendning qiymatini aniqlashda uchta ko‘rsatkichdan foydalanishadi. Birinchi navbatda, kompaniya faoliyatining moliyaviy natijalari e’tiborga olinadi, keyin esa "brend roli” (savdo belgisi qanday qilib iste’molchilar talabiga ta’sir qilmoqda) va "brend kuchi” (kelajakdagi muvaffaqiyat va kompaniya foydasi garovi) hisobga olinadi.
Ro‘yxatga jami 100 ta brend kiritilgan bo‘lib, bu haqdagi batafsil ma’lumotni mana bu yerdan topishingiz mumkin.
Apple kompaniyasi asoschisi Stiv Jobs vafot etdi