Quyida hozirgi kunda jahon mobil telefonlar bozorida yetakchilik qilayotgan 5 ta kompaniya haqida gap boradi.
1. Yildan-yilga mobil telefonlar bozoridagi ulushining tushib borayotganligiga qaramasdan, Finlandiyaning Nokia kompaniyasi bozorda hanuz o‘zining yetakchiligini saqlab turibdi. Xususan, u 2011-yilning 3-choragida jami 106,6 million dona telefon sotib, bozorda 27,1 foiz ulushga egalik qilib turibdi. Kuni kecha Nokia kompaniyasi Windows Phone bazasida ishlovchi o‘zining ilk smartfonlari – "Nokia Lumia 800” va "Nokia Lumia 710” modellarini hamda kompaniya uchun qadrdon Symbian platformasi asosida ishlovchi yangi "Asha” budjet telefonlari oilasi – "Nokia Asha 200”, "Nokia Asha 201”, "Nokia Asha 300” va "Nokia Asha 303” modellarini namoyish qildi.
2. Janubiy Koreya sanoatining bayroqdori sanalgan Samsung kompaniyasi joriy yilning 3-choragi davomida 87,8 million dona (bozorda 22,3 foiz ulushga ega) telefon sotib, faxrli ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. "Samsung Galaxy S2” modeli hozirda kompaniyaning eng nufuzli smartfoni hisoblansa, u yaqinda Google bilan hamkorlikda "Galaxy Nexus” smartfonining taqdimotini o‘tkazdi. Ushbu smartfon "Android 4.0 Ice Cream Sandwich” mobil operatsion tizimida ishlovchi ilk qurilma sanaladi.
3. Janubiy Koreyaning yana bir texnologik kompaniyasi – LG Electronics ketma-ket uch yildan beri bozorda uchinchi o‘rinni hech kimga bermay kelmoqda. Biroq, u sotgan mobil telefonlar soni Samsung kompaniyasinikiga qaraganda 4 barobar kamdir – 21,1 million dona (bozorda 5,4 foiz ulushga ega).
4. So‘nggi yillarda dunyodagi mobil telefon ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalarni birma-bir quvib o‘tayotgan Xitoyning ZTE kompaniyasi kelasi chorakda eng yuqori uchlikka kirsa ham ajab emas. Hozircha u 19,1 million dona (bozorda 4,9 foiz ulushga ega) telefon sotib, joriy yilning 3-choragi yakunlariga ko‘ra 4-pozitsiyani o‘zida saqlab turibdi.
5. Kuchlikni beshlikni yaqinda vafot etgan Stiv Jobsning kompaniyasi – Apple yopib beradi. U o‘tgan uch oy mobaynida 17,1 million dona iPhone smartfonlarini sotib, bozorda 4,3 foiz ulush bilan beshinchi o‘rinda turibdi. Yana bir narsani aytib o‘tish joizki, Apple ushbu top-5 ro‘yxatdagi boshqa kompaniyalardan farqli o‘laroq, faqat smartfonlar ishlab chiqaradi xolos, u oddiy telefon ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmaydi. Kompaniya shu yilning 4-oktabr kuni muxlislar tomonidan uzoq kutilgan "iPhone 4S” smartfonini namoyish qildi.
Shuni ham aytib o‘tish joizki, Motorola, Sony Ericsson va HTC kabi kompaniyalar ham yuqoridagi mobil telefon ishlab chiqaruvchilar bilan yetarlicha raqobat qilishmoqda. Ularda ro‘y bergan so‘nggi o‘zgarishlar haqida gapiradigan bo‘lsak, Motorola kompaniyasi shu yilning boshlarida ikkiga bo‘linib ketdi va endilikda uning mobil biznesi Motorola Mobility nomi ostida faoliyat ko‘rsatmoqda. U o‘tgan hafta Android operatsion tizimi asosida ishlovchi Motorola RAZRsmartfonini namoyish qildi.
Sony Ericsson esa endilikda butunlay Yaponiyaning Sony korporatsiyasiga tegishli bo‘ldi. Sony kuni kecha Shvetsiyaning Ericsson kompaniyasidan mazkur qo‘shma korxonadagi 50 foizlik ulushini 1,45 milliard dollarga sotib oldi.
infoman.uz