Amerikalik olimlar bemor dorini qabul qilgani haqida shifokorga ma'lum qiladigan kapsulani yaratishdi. Qurilma Rizvon Bashirullo rahbarligi ostida Florida universitetining bir guruh mutaxassislari tomonidan ishlab chiqildi.
Qurilma dorilar uchun mo'ljallangan oddiy kapsuladan iborat bo'lib, unga kumushdan ingichka tasmalar yopishtirilgan. Bu tasmalar antenna bo'lib, kapsula yuzasiga metall nanozarralaridaniboratbo'yoq ko'rinishida suriladi. Antenna qurilma ichida joylashgan mikrochipga ulangan. Bemor kapsulani yutganida, qurilma juda past kuchlanishdagi elektr impulslarini ishlab chiqadi. Mikrochip ularni signalga aylantiradi va antenna orqali tashqi priyomnikka uzatadi. U esa bemorning dorini qabul qilgani haqida ma'lum qilish uchun shifokorning mobil telefoni yoki noutbukiga ulanadi. Keyin kapsula erib ketadi, mikrochip esa ichak orqali o'tib, hech qanday to'siqsiz organizmdan chiqarib tashlanadi. Olimlar turli modellar va o'lgan kishilarning tanalaridan foydalangan holda yangi qurilmaning ishlashini tekshirib ko'rishdi. Bashirulloning so'zlariga ko'ra, kapsula bilan birga organizmga oddiy suvni iste'mol qilgandagidan ko'ra kamroq kumush moddasi tushar ekan. U mazkur ishlanma bemorlar dorilarni qabul qilishni unutgan yoki ataylab voz kechgan holatlarda yuzaga keladigan ko'plab vaziyatlardan qochish imkonini berishini qayd etadi. Amerika kardiologlar uyushmasining (American Heart Association) ma'lumotlariga ko'ra, surunkali kasalliklarga chalingan bemorlar odatda shifokor tomonidan tayinlangan dorilarning faqat yarmini qabul qilishadi. Kasalxonaga tushadigan bemorlarning qariyb 10 foizi va yiliga yuz beradigan o'limlarning 218 mingtasi dorilarni qabul qilish jadvalining buzilishi bilan bog'liq.
|