AQShda pleer tinglash oqibatida 30 foiz o‘smirlarning eshitish qobiliyatida nuqsonlar paydo bo‘lgan. So‘nggi vaqtlarda eshitish qobiliyatining pasayib ketishi butun dunyoda eng keng tarqalgan xastaliklardan biriga aylanib bormoqda.
Faqatgina AQShning o‘zida katta yoshli aholining 16 foizi oddiy inson nutqini yomon eshitadi, 30 foizdan ortiq o‘smirlar esa yuqori chastotali tovushlarni eshitmaydi.
Mutaxassislar buning asosiy sabablaridan biri sifatida pleerlarni baland ovozda tinglash ekanligini ta’kidlashmoqda. Boston bolalar shifoxonasining bosh otolaringologi Brayan Fligorning aytishicha, hammasi odamning salomatligiga, qolaversa, necha soat baland ovozda musiqa yoki boshqa bir narsani eshitishiga bog‘liq ekan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, agar quloqqa taqiladigan maxsus vositalar orqali 90 foiz balandlikda musiqa eshitilsa va buning uchun haftada besh kun ikki soatdan vaqt sarflansa, u holda odamning eshitish qobiliyatiga jiddiy zarar yetadi. Insonning eshitish qobiliyati, hatto, 40 detsibelgacha tushib ketishi mumkin.
O‘z sog‘lig‘ini saqlab qolmoqchi bo‘lgan kishilarga shifokorlar pleerlarni 80 foizlik balandlikda va kuniga 90 daqiqadan oshirmagan holda tinglashni maslahat beradilar.
|