O’tgan uch hafta ichida biz deyarli barcha ijodkorlarimizning yangi qo’shiqlarini tingladik. San’at olamida katta ijodiy jarayonga guvoh bo’ldik. Xayriyatki, san’atkorlarimiz bayramlarda yangi qo’shiq taqdim etish odatlarini tashlashmagan ekan. Bugun ana shu qo’shiqlarga tinglovchilarning munosabatlarini bilmoqchimiz. Qani, kimga kimning qo’shig’i manzuru, kimning qo’shig’i yoqmadi?.. Demak, Yangi yilning ilk yangi loyihasini qarshi oling va fikrlaringizni bildiring...
- Ozodbek Nazarbekov — "Rashkim” qo’shig’i.
Ozodbek Nazarbekov: — Ochig’i, bu safar yangicha yo’nalishda, yangicha ohanglar bilan kuylashga harakat qildim. Muxlislarning qanday qabul qilgani men uchun ham qiziq. Muxlis fikri Surayyo Hakimova, talaba: — Bu qo’shiqni birinchi marta "Ozod-shou”da tinglaganimdayoq menga ma’qul tushdi. Boshlanishida hindcha nolalar bo’lgani uchunmi yoki yoshlarbopligi uchunmi tez e’tiborimni tortdi va men uni Nazarbekovning yangi xiti sifatida qabul qildim. Doniyor Azizov, tadbikor: — Fikrimcha Ozodbek so`nggi paytlarda birorta ham yomon qo`shiq ijro etmayapti. Shu qo’shiqdan oldin chiqarilgan "Yig’larmisan” qo’shig’i ham juda dardli chiqqan edi. Bunisi yoshlarbopligi bilan ko`ngillarni zabt etadi. Bo`shashma Ozodbek! 2. Ravshan Komilov — "Nargiz” qo’shig’i. Ravshan Komilov: — mashhur qo’shiqlarga murojaat qilish murakkab ish. Negaki, kimgadir yoqadi, kimgadir yo’q. Ammo shu qo’shiqni o’zim ham juda sevib tinglaganim uchun ustoz Kamoliddin Rahimovga, shu qo’shig’ingizni ijro etsam bo’ladimi, deya so’raganimda u kishi "qo’lingdan kelsa aytaver” deb javob berdilar. O’ylaymanki, yomon chiqmadi. Muxlis fikri Akbarali Ortiqov, haydovchi: — Xonandamiz xafa bo’lmasinu ammo bu qo’shiqni originalini Kamoliddin Rahimov maromiga yetkazib aytib qo’ygan. O’sha ijro bizga shunchalik singib ketganidan boshqalar qanaqa aytishiga qaramasdan qabul qila olmaymiz. O’xshamagandek tuyulaveradi. Nazira Qosimova, sotuvchi: — San’atimiz darg’asi Kamoliddin Rahimov ijrosidagi mashhur qo’shiqning Ravshan Komilov tomonidan kuylanishini hazm qilish qiyinroq, ammo qo’shiq unchalik ham buzib yuborilmaganligi tahsinga sazovor. Faqat Ravshan Komilov qo’shgan "Ohe-ohe, vohe-vohe” degan nolalar bachkana eshitiladi. 3. Sobirjon Mo’minov — "Voy, voy, voy yorim” qo’shig’i. Sobirjon Mo’minov: — Yildan yilga ijodimda eski o’zimizning xalqona yo’nalishdagi qo’shiqlarga e’tibor qaratib, undan yangiliklar topib, muxlislarga havola etishga harakat qilyapman. "Voy, voy” qo’shig’imiz ham shu yo’ldagi bir yangilik. Muxlislar e’tiborini tortsa xursand bo’laman. Muxlis fikri Shahnoza Ismoilova, mahalla faoli: — Sobirjon Mo’minovning qo’shiqlari dilga yaqinligi bilan ajralib turadi. "Tanovor” yo’nalishida ijro etilgan "San tomon” qo’shig’i ham menga juda ma’qul kelgandi, "Voy, voy” qo’shig’i ham sof milliy fe’l-atvorga ega ekanligi bilan ko’nglimizdan joy oldi. Bekzod To’xtayev, san’atshunos: — Sobirjon Mo’minovning yangi qo’shig’i ham, avvalgi qo’shig’i ham menga ma’qul. Ammo negadir xonandamizning matbuotda kam yoritilishi meni ajablantiradi. Yoki u o’zini hadeb reklama uravermaydi yo jurnalistlardan o’zini olib qochadi. Nima bo’lganda ham hozir reklama zamoni, dilga yaqin qo’shiqlar bilan birga ularning targ’ibotiga ham ahamiyat qaratish lozim. 4. Guli Asalxo’jayeva "Sevsang sevaman” qo’shig’i. Guli Asalxo’jayeva: — aynan shu qo’shiqdan bu yilgi ijodiy jarayonlarni boshlaganimizning ham sababi bor. Negaki, bu qo’shiq bilan men yangi ijodiy jamoa ham shakllantirmoqchiman. Muxlis fikri Muzaffar Komolov, tasvirchi: — Guli Asalxo’jaeva o’tgan yil davomida tinimsiz harakat qilib, reyting borasida ham yaxshigina mavqega ega bo’ldi. U tez-tez ham milliy, ham zamonaviy yangi qo’shiqlar kuylab muxlislarini xursand qilishga harakat qilyapti. Boshqa kuylagan qo’shiqlaridan menga "Sevsang sevaman” qo’shig’i juda yoqdi. Yoshlarboplikni yo’qotish kerak emas. Lola Saidaliyeva, psixolog: — Ochig’ini aytsam, shu qizning san’ati ilgari menga umuman yoqmasdi. Keyinchalik esa ijodida ancha o’zgarish yuzaga keldi. O’ylaymanki, u bugungi kunda opasining munosib izdoshi bo’la olyapti. Ko’pchilik uning turkcha qo’shiqlarga ko’p murojaat qilayotgani xususida gapiradi. Ammo o’zining qo’shiqlari ham yomon emas. "Sevsang sevaman” qo’shig’i rostmonasiga Guliga yaxshi natija keltiradi. Xulosa sifatida shuni aytish kerakki, bundan buyon san’atkorlarning yangi qo’shiqlarini odil hakamlar hay’ati ya’ni turli soha vakillari bilan muhokama qilib boraveramiz. O’ylaymizki, bu xonandalar uchun ham ko’zgu vazifasini o’taydi. Axir kuylayotgan qo’shig’ing kimgadir yoqsa, bu baxt-ku. Siz ham befarq bo’lmang va o’z fikrlaringizni yo’llang. Sizga kimning qo’shig’i yoqdi-yu, kimning qo’shig’i yoqmadi. "OSHKORA MUNOSABAT” loyihasi davom etadi!
|