Oqibatni maysalardan topgan edim
Bargini yuvgan naysonlardan topgan edim, Xarsangda ham chechak bo’lib chopgan edim, Lekin uni tosh ko’ngildan topolmadim.
Gulga qo’ngan asalari qanotidan, Don izlagan chumolilar hayotidan, Uni topdim bulbul aytgan bayotidan, Odam degan ba’zi guldan topolmadim.
Hatto qushlar bolam, deya joni halak, Qo’ng’iz deydi jonim bolam, oppoq malak, Bir ayol-chi o’g’lin tashlar, qodir falak, Oqibatni aro yo’ldan topolmadim.
Dilda dunyo tashvishlari to’lib toshgan, Fikri noqis zebu-zabar deb haddan oshgan, Do’st- g’animni ajratolmay aql shoshgan, Oqibatni zaru puldan topolmadim.
Ota ko’rdim: o’g’il – qizga muhabbatsiz, Aka ko’rdim: jigarlarga muruvvatsiz, Ne qilamiz, endi axir oqibatsiz, Ko’zga surtay desam, mildan topolmadim.
Oqibatni topdim Olloh kalomidan, Pok dillardan tilga ko’chgan kalomidan, Topdim bobom yegan rizqu halolidan, Bag’ri to’kis g’arib dildan topolmadim.
Vijdonimiz oqibatdan suv ichsa gar, Iymon dilga nur taratar misli gavhar, Ey Umida, yozganlaring qil muxtasar, Asal ta’min achchiq tildan topolmadim.
|