Kimlardir yolg'on muvaffaqiyatlarimni kutadi, Niqob ostida, omonat do'stlik qo'llarini tutadi, Kuzatadi qadamim zimdan turib yo'llarim, Omad mendan yuz bursa, ,,do'stlarim" unutadi.
Qattiq so'zlab, ba'zida yoshlik qilib ehtiros, Taqdir qabul qilmaydi insondan hech iltimos. Men kechirim so'rasam, onam so'zi doimo, ,,Farzanddan ranjimoqqa onada yo'q hech asos."
Suyanaman lahzalarim og'ir kechsa bir sizga, Intilaman quchoq ochib doim sizni mehrizga. Xato qadam bossam men panalarda kim xursand? Yolg'iz ichdan kuyunasiz onajonim o'g'lizga.
Ulg'aydim, o'rnim topdim, atrofimda intizor, Qalbimga yetsa ozor, siz ham mendek bemador, Yetmaydi, bebahosiz dunyoning bor zarlari, Onajonim dunyoda eng go'zal va betakror.
Ostona hadlab har kunim boshlayman. Ortimdan bir ovoz: ,,Bolam kelarsan qachon?" Noziga maftunman… Men kimni o'ylayman? Dardimga chin sherik mehribon inson
Ikki dunyo o'rtasida men uchun kurashgansiz, Omonat joningizni farzandim deb tikkansiz. Tug'ilgan kunimdan siz beshikni bolish 4qilib, Allalarda kelajak kamolim so'ragansiz.
Kun tartibim bo'yicha doim tunda qaytaman. Hammayoq jim, sokingina uxlab yotadi olam. Sekin oyoq uchida xonamga kirar chog'da, Onajonim ,,uyg'onib": ,,Keldingmi ishdan bolam."
Mensiz hech orom olmay kutadigan kim yana, G'amlarini ichiga yutadigan kim yana. Sirdosh bo'ladi menga, o'ziga-chi kim sirdosh? Yonimizda baxtimiz bilmaymiz qadrin yana.
Ilk ijodim, onajonim, kuyladim sizga faqat, Qog'oz va qalamim-la uxladim uzoq muddat. Yozganlarim o'tadi, ko'z o'ngimdan birma-bir, Har belgisi qatori sizga bo'lgan muhabbat.
Kechiring meni ona hamma hammasi uchun, Men nohaqman doimo yo'l qo'ygan aybim uchun, Kechiring, mehringizni ba'zan tushuna olmadim. Bosh egib rahmat deyman bugungi kunim uchun.
|