Sog‘indingiz, Lekin ko‘rsatmadim ro‘y, Onajon, siz mening sabrgulimsiz... Mehringiz to‘kilgan maktublar xushbo‘y, Onajon, siz mening atirgulimsiz... Keldingiz, Ketdingiz diydorga qonmay, Yuragim ergashdi izlaringizdan. Yolg‘on taskinlarga qo‘ydim ishonmay, Toshbag‘ir chiqdimmi qizlaringizdan? Kutdingiz... Bormadim bayramlarda ham, Va bayramlar kutdim mahzun, ko‘ngilsiz. Siz uchun o‘zimdan arazlaganman, Onajon, siz mening qadrgulimsiz... Sog‘indim... Ko‘zimga qadaldi yo‘llar, Og‘riqlar osildi tomirlarimga. Rangi kamalakda ham yo‘q tuyg‘ular Darz soldi muzlagan sabrlarimga. Yig‘ladim... Ismimdan yuzim o‘girib – Gunohim qoshida cho‘kkaladim tiz. Bag‘ringizga botay bir shabnam bo‘lib, Onajon, siz mening atirgulimsiz...
|