Kanadaning Vankuver shahrida bo`lib o`tayotgan navbatdagi qishki
olimpiada o`yinlari jahon sport muxlislari e`tiborida desak mubolag`a
bo`lmaydi. Bu musobaqaga bo`lgan uzoq vaqtlik tayyorgarchilik ham ayrim
muammolarni hal eta olmadi. Quyida aynan shu muammolar haqida so`z
yuritamiz...
- 500 metrgacha bo`lgan konkida uchish musobaqasida ilk
10 ta sportchi juda ajoyib chiqish qilishdi. Muzni tozalash va
silliqlash maqsadida maydonga tushirilgan mashina kutilmaganda yaxshi
ishlamadi va natijada yo`lakcha musobaqani davom ettirgan sportchilarga
talay noqulaylik tug`dirdigan holatga kelib qoldi. Shu sababli musobaqa
bir soat kech davom ettirildi.
- Kecha, ya`ni dushanba kuni
mukofotlarni topshirish marosimida ham yana bir noqulaylik yuzaga
keldi. Gap shundaki, bir necha o`n ming muxlis yig`ilgan majmuada 10
daqiqa davomida elektr tarmog`ida uzilish yuzaga keldi va marosim yana
cho`zilib ketishiga sabab bo`ldi. Aytish kerakki, aynan shu kuni Kanada
o`zining ilk oltin medaliga ega bo`ldi.
- Sportchilar va muxlislar
uchun yuzaga kelayotgan muammolardan yana biri transport bilan
bog`liqdir. Vankuver ko`chalarida mashinalar tiqini yuzaga kelishi
bilan bir qatorda jamoat transportlari jadvalining qat`iy emasligi
muxlislarga qiyinchilik tug`dirmoqda.
- Olimpiadaning ochilish
marosimida Olimpiya olovi tagligining oynalaridan biri singan edi. Shu
bilan birga tizimda yuzaga kelgan buzilish tufayli uni qayta
tiklashning imkoni bo`lmayapti. Hozirgi kunda taglikning singan tarafi
yer bilan bitta darajada turibdi.
- Olimpiada musobaqalari
boshlanishidan oldin noqulay ob-havo tufayli fristayl va snovbord
musobaqalari o`tkaziladigan maydon qorsiz qoldi. Shu sababli musobaqa
oldidan yo`laklarni vertolyot yordamida boshqa joyga ko`chirishga
to`g`ri keldi.
- 12-fevral kuni Gruziya vakili bo`lgan 21 yoshli
sportchi Nodar Kumaritashvili vafot etdi. Uning o`limiga mashg`ulotlar
vaqtida maydon chetida o`rnatilgan to`siqqa borib urilganligi sabab
bo`ldi. O`zini to`xtata olmay qolgan sportchi borib to`siqqa urildi va
jarohat oldi. U zudlik bilan kasalxonaga elitildi. Lekin
shifokorlarning urinishlari samarasiz yakunlandi...
Musobaqalar hali
davom etmoqda. Vankuverdagi bu kunlar hali ko`p kishilarga quvonch
ulashsa, ko`pchilikning alam bilan xotirasida qolishi turgan gap.
Kuzatamiz...