O‘QISHGA KIRISHNI XOHLA(MA)YDIGANLAR UCHUN MAXSUS
Hamma kezib-aylanib yurgan bir muhitda o‘tirib dars tayyorlash o‘quvchidan fidokorlik talab etadi. Albatta, qandaydir maqsadga erishish uchun, eng avvalo, jidd-u jahd qilish lozim. Muhtaram abituriyent, bilasizmi, siz kabi ilmga chanqoq o‘quvchilarning maqsad yo‘lida jon kuydirib harakat qilishi kishining ko‘zini quvnatadi.
Ammo guruch kurmaksiz bo‘lmaydi: orangizda oliy o‘quv yurtiga kirishni xohlamaydiganlar ham topilib qoladi. Ular uchun bizning maxsus tavsiyalarimiz bor. Siz ham bir ko‘z yugurtirib chiqsangiz, zarar qilmaydi. Axir aytishadi-ku, odobni beodobdan o‘rgan deb. Kirish imtihonida muvaffaqiyat qozonishni istamaganlar nimalar qilishi kerak? Mana, sizga eng zaruriy maslahatlar ro‘yxati:
- dars stolingizni deraza yaqiniga joylashtiring: zerikkanda tashqarini tomosha qilasiz, dars qilish haqida kamroq o‘ylaysiz;
- darsxonangiz devorlariga yangi plakatlarni osing. Toki ular sizni shou-biznes, futbol yoki boshqa olamlar bilan bog‘lab tursin. Eskilarini esa o‘rtoqlaringizga bering. Ular ham o‘qishga kira olmasin;
- dars stolingizda dars qilmang. Jurnal o‘qing, krossvord-u skanvordlar yeching, uxlasangiz ham mayli, faqat dars qilmasangiz bo‘lgani. Juda dars tayyorlagingiz kelsa, eng qulay joy yotog‘ingiz ekanini unutmang. Shunda tezgina uxlab qolasiz.
- xonangizda albatta televizor bo‘lsin. Yo‘q bo‘lsa, toptiring. Axir, nima qilib yuribsiz o‘z yaqinlaringizga bitta so‘zingiz o‘tmasa. Ha, aytganday, televizor kun bo‘yi yoqiq tursin. Ayniqsa, musiqa, klip namoyish etadigan kanallar.
- internetda ishlashni ham esdan chiqarib qo‘ymang. Net-choyxonaga kiring, o‘yin o‘ynang.
- mobil telefoningizda yor-birodarlaringiz bilan qo‘lingiz shishib ketguncha sms yozishing; qulog‘ingiz portlab ketguncha muloqot qiling. Yo‘qsa, eng so‘nggi, eng qaynoq mish-mishlardan bexabar qolasiz.
- uydagi telefon jiringlaganda faqat siz javob bering. Eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladimi, hammadan oldin eshikni siz oching. Kelgan odamlarning suhbatidan bahramand bo‘ling. Aks holda, 24 soatdan iborat kunni o‘tkazish juda qiyin bo‘ladi.
- faqat tushunadigan, biladigan fanlaringizdan dars qiling. Boshqalarini baribir tushunmaysiz-ku, dars tayyorlab nima qilasiz?!
- fanlarni, mavzularni tez-tez almashtirib turing. Matematikadan bitta misol yechdingizmi, o‘zingizni rag‘batlantirish uchun serial ko‘ring. Ingliz tilidan keyinroq dars qilarsiz…
- ota-onangiz "Dars qil” - deb majburlashsa, kitob-daftarni ochib, nimalarnidir yozganday bo‘ling. Ana o‘shanda ota-onangiz dars qilayotganingizga laqqa ishonishadi.
- dars tayyorlash siz uchun og‘irlik qila boshlaganda dars qilmaslik uchun bahonalar qidiring. Axir, bahonadan ko‘pi bor ekanmi dunyoda?!
Mana shunaqa! O‘ylaymizki, jiddiy hazilimizni tushundingiz va o‘zingizga tegishli xulosani chiqardingiz.
|